O‘zbekistondagi barcha mahallalarda ishiga noloyiq hokim yordamchilari yangilanadi

O‘zbekistondagi barcha mahallalarda ishiga noloyiq hokim yordamchilari yangilanadi
O‘zbekistondagi 8 ming 992 ta mahallada ishiga noloyiq hokim yordamchilari yangilanadi. Bu haqda 3-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, tuman shtablari mahallalardagi hokim yordamchilarini “loyihabay” ishlash tizimiga o‘tkazadi. Buning uchun 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi, fidoyi va tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanib, ishiga noloyiqlar yangilanadi.
Mutasaddilarga ikki oy ichida o‘quv markazi tashkil etib, xorijdan mutaxassislar jalb qilish vazifasi yuklatildi. Ushbu markazda hokim yordamchilari “loyihabay” ishlashga o‘qitiladi.
Shuningdek, viloyat shtablari yil yakunida har bir tumandan eng yaxshi ikki nafar hokim yordamchisini Xitoy, Yaponiya va Turkiyaga malaka oshirishga yuboradi. Eng namunali hokim yordamchilariga alohida malaka darajasi berilib, 50 foizgacha ustama to‘lanadi.
Mahalla bankirlarini ham shu tartibda o‘qitish va ularning xorijiy stajirovkasini tashkil etish topshirildi.
Bosh prokuraturaga bankirlar va hokim yordamchilarining mustaqil qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga ko‘maklashish vazifasi belgilandi.

