“Hisor” davlat qo‘riqxonasida qor yog‘di (foto)
Qashqadaryo viloyatidagi 'Hisor' davlat qo‘riqxonasining Miraki va G‘elon bo‘limlari yuqori hududlarida qor yog‘di. Ekologiya qo‘mitasi hududda havoning keskin sovishi kuzatilganini ma’lum qildi.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasiga qor yog‘di (foto)
Qashqadaryo viloyatidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida qor yog‘di. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida havo keskin sovib ketgan va qo‘riqxonaning Miraki hamda G‘elon bo‘limlarining yuqori hududlari qor bilan qoplangan.
Ma’lumot uchun, “Hisor” davlat qo‘riqxonasi 1983-yilda Qashqadaryo viloyatida “Hisor” tizmasi shimoli-g‘arbiy tarmoqlari tabiiy komplekslarini asl holicha saqlab qolish, ulardagi tabiiy jarayonlarning borishini o‘rganish, tabiatni muhofaza qilishning ilmiy asoslarini amaliyotga tatbiq etish hamda yovvoyi tabiatdagi noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan. Qo‘riqxona G‘elon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlaridan iborat.
“Hisor”ning umumiy maydoni 80 986,1 gektarni tashkil etadi. Shundan 24 308 gektari o‘rmon bilan qoplangan, jumladan 12 203 gektari qalin o‘rmonzorlar. 56 678 gektari esa o‘rmon bilan qoplanmagan bo‘lib, uning ichida 171 gektar daryo va ko‘llar, 31 819 gektar qoya va jarliklar, 24 688 gektari yaylovlar bor. Yana 35 000 gektar maydon baland tog‘lar, qoyalar, jarliklar va muzliklardan iborat.
Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet juma kunigacha O‘zbekistonning katta qismida havo biroz bulutli bo‘lishini, ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishini ma’lum qilgandi.

