Qashqadaryoning baland tog‘li hududida qor yog‘di

Qashqadaryoning baland tog‘li hududida qor yog‘di
Qashqadaryodagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida qor yog‘di. Bu haqda 4-sentyabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, qo‘mita huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida havo keskin sovigan. Shuningdek, qo‘riqxonaning Miraki va G‘elon bo‘limlarining yuqori hududlari qor bilan qoplangan.
Sentyabr oyida o‘rtacha havo harorati iqlimiy me’yorga yaqin bo‘lishi, respublika hududining katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.
“Hisor” davlat qo‘riqxonasi 1983-yilda Qashqadaryo viloyatida “Hisor” tizmasi shimoli-g‘arbiy tarmoqlari tabiiy komplekslarini asl holicha saqlab qolish, ulardagi tabiiy jarayonlarning borishini o‘rganish, tabiatni muhofaza qilishning ilmiy asoslarini amaliyotga tatbiq etish hamda yovvoyi tabiatdagi noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan. Qo‘riqxona G‘elon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlaridan iborat.
“Hisor” maydoni jami 80 986 gektar bo‘lib, uning 24 308 gektari o‘rmon bilan qoplangan. 35 ming gektar maydon esa baland tog‘lar, qoyalar, jarliklar va muzliklardan iborat.

