Hisob palatasi bogʻchalar xarajatlarini onlayn-nazorat qilishni joriy etdi
Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim tashkilotlarini moliyalashtirishni rejalashtirish va ularning xarajatlarini onlayn rejimda monitoring qilish uchun Masofaviy audit tizimi taqdim etildi.

Oʻzbekiston Hisob palatasi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini moliyalashtirishni rejalashtirish va ularning xarajatlarini onlayn nazorat qilish boʻyicha axborot tizimini ishga tushirdi.
Yangi funktsional «Masofaviy audit» tizimida joriy etildi. Uning yordamida har bir maktabgacha taʼlim tashkilotining byudjet mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, uni ajratilgan moliyalashtirish hajmi bilan solishtirish va amaldagi xarajatlarni tahlil qilish mumkin.
Tizimning ishlashi uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, shuningdek, kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning axborot resurslari integratsiya qilindi. Idoralar va tashkilotlar oʻrtasida maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻpildi.
Tizim maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moliyaviy ehtiyojlari, ularga ajratilgan mablagʻlar va amalga oshirilgan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayta ishlaydi. Ushbu koʻrsatkichlarni solishtirish moliyalashtirish tanqisligi va xarajatlarning asossiz ortib ketishi xavfini oʻz vaqtida aniqlashga yordam berishi kerak.
Ushbu vositani qoʻllash, shuningdek, alohida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda byudjet resurslarini rejalashtirish va taqsimlash aniqligini oshirish imkonini beradi.
Tizim taqdimoti Hisob palatasida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Obid Hakimov, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va fan vaziri Erkinjon Turdimov, shuningdek, Hisob palatasi rahbariyati ishtirok etdi.
Ishtirokchilar maktabgacha taʼlimni moliyalashtirish va byudjet xarajatlari samaradorligini oshirishda tizim imkoniyatlaridan foydalanishni muhokama qildilar.
Vazirliklar vakillariga yangi funktsionalni amaliyotda sinab koʻrish imkoniyati berildi. Sinov yakunlari boʻyicha tizimni yanada takomillashtirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni tayyorlash rejalashtirilmoqda.

