Oʻzbekistonda 5 mingdan ortiq maktab yangi baholash tizimiga oʻtadi
2026-2027 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistondagi qoʻshimcha 1 568 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi joriy etiladi. Natijada ushbu tizim qamrab olgan maktablar soni respublika boʻyicha 5 mingdan oshadi.

Oʻzbekistonda 5 mingdan ziyod maktab yangi baholash tizimiga oʻtishi maʼlum qilindi.
Oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini aniq mezonlar asosida xolisona baholash, taʼlim natijalarini doimiy tahlil qilib borish hamda yangi baholash tizimining qamrovini kengaytirish maqsadida ushbu tizimga qoʻshiladigan maktablar roʻyxati tasdiqlandi.
Unga koʻra, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab yana 1 568 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi mezonlarga asoslangan baholash tizimiga oʻtadi.
Yangi tizimda oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalari belgilangan mezonlar asosida 100 ballik shkala boʻyicha baholanadi.
Ushbu baholash tizimi Oʻzbekiston maktablarida ilk bor 2023-yilda joriy etilgan boʻlib, dastlab respublikadagi 500 ta maktabni qamrab olgan edi.
Keyingi yillarda tizim bosqichma-bosqich kengaytirildi. Yangi oʻquv yilida yana 1 568 ta maktabning qoʻshilishi natijasida mezonlarga asoslangan baholash tizimi respublika boʻyicha 5 mingdan ortiq maktabda amal qiladi.
Yangi baholash tizimiga oʻtadigan maktablarning toʻliq roʻyxati ham eʼlon qilingan.

