Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor

Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarning asossiz ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirmoqda.
Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan O‘zbekiston bo‘ylab umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo markazlarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Qo‘mita mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini saqlash hamda aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Ota-onalar va o‘quvchilarga xarid paytida mahsulot sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor berish tavsiya etildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga kerakli ma’lumotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Agar fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarning asossiz oshirilishi holatlariga duch kelsalar, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishlari mumkin.
Qo‘mita maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlarini olib borishini ma’lum qildi.

