Iqtisodiyot

Hindistonning uch yirik kompaniyasi Yangi Toshkent loyihalariga qiziqish bildirdi

Hindistonning Larsen & Toubro, Adani Group va Reliance Industries kompaniyalari vakillari Yangi Toshkentdagi investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Ularga muhandislik infratuzilmasi, markazlashgan issiqlik taʼminoti, turar joylar va savdo-koʻngilochar markazlar qurilishi boʻyicha takliflar taqdim etildi.

Hindistonning uchta yirik kompaniyasi Yangi Toshkent loyihalariga qiziqish bildirdi

«Dunyo» axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi 15–16-oktabr kunlari mamlakatning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev hamrohligida amalga oshirilgan.

Tashrifda Larsen & Toubro vitse-prezidenti Rajan Bansal, Adani Group’ning O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha maxsus vakili Anand Kumar hamda Reliance Industries’ning xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Mahesh Kumar qatnashgan.

Mazkur safar 12-oktabr kuni prezident raisligida Yangi Toshkentga xorijiy investorlarni jalb etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar doirasida tashkil etilgan.

Yangi Toshkent direksiyasi rahbariyati mehmonlarga shaharni rivojlantirish rejalari va sarmoya kiritish imkoniyatlarini taqdim etgan. Muzokaralarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, markazlashgan issiqlik ta’minotini yo‘lga qo‘yish, turar joy va noturar joy majmualari, yirik tijorat obyektlari hamda zamonaviy savdo-ko‘ngilochar markazlar qurish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Taqdimotlarda shaharsozlikning zamonaviy tamoyillarini qo‘llash, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajribani joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Hindiston kompaniyalari vakillari loyihalarni batafsil o‘rganib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorlash niyatini bildirgan. Tomonlar muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgan.

Tashrif doirasida delegatsiya prezident raisligida o‘tkazilgan Yoqilg‘i-energetika tarmog‘i investorlari kengashining birinchi yig‘ilishida ham ishtirok etgan. Unda Reliance Industries vakili Mahesh Kumar O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyalarini qurish va elektr energiyasini saqlash tizimlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.