Dunyo

Hindistonda riksha inqilobi. Elektrlashish “uch g‘ildiraklilar” misolida qanday ko‘rinadi?

**Hindistonda riksha inqilobi. Elektrlashish “uch g‘ildiraklilar” misolida qanday namoyon bo‘lmoqda?**

Hindistonda suratga olingan filmlar, kliplar va ko‘cha manzaralarida rikshalar deyarli doim uchraydi. Bu uch g‘ildirakli transport vositalari o‘nlab yillardan beri muhim qatnov vositasi bo‘lib kelgan. Bir vaqtlar mamlakatda millionlab pedal bilan harakatlanadigan rikshalar mavjud edi. Haydovchi old tomonda o‘tirar, orqa qismga esa ikki yoki uch yo‘lovchi joylashardi.

Yo‘l haqi atigi bir necha rupiyadan iborat bo‘lgan. Shu sababli rikshalar, sekin harakatlansa ham, shahar ichida yurishning eng arzon vositalaridan biriga aylangan. Biroq haydovchilar uchun bu kasb unchalik ham yoqimli emasdi. Chunki ular yo‘lovchi va yuklarni pedal bosib tashir, bundan tashqari har qanday ob-havoda ishlashga majbur bo‘lishardi. Har kuni 10-12 soat mehnat qilishlariga qaramay, topgan daromadlari o‘rta sinf oilasining McDonald’s tarmog‘ida bir mahal ovqatlanishiga ham yetmasdi.

Bugun esa Hindiston ko‘chalari haqidagi tasavvurlarimizning bir qismiga aylangan bu manzara tez sur’atda o‘zgarib bormoqda. Pedallar asta-sekin o‘tmishda qolib, ularning o‘rnini elektr motorlar egallamoqda. Bu sohaga hatto keksalar va ayollar ham kirib kelmoqda. Chunki elektr motor tufayli haydovchidan endi og‘ir jismoniy mehnat talab etilmaydi. Bundan tashqari, bu Hindistonning rikshalar misolida “yashil transport”ga qanday o‘tayotganini ham ko‘rsatadi.

2021-yil holatiga ko‘ra, butun Hindiston bo‘ylab ro‘yxatdan o‘tgan e-rikshalar soni 78 700 tani tashkil etgan. O‘shandan beri bu raqam 1,8 milliontagacha oshgan. Bundan tashqari, mamlakat ko‘chalarida rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan yana juda ko‘p elektr rikshalar ham bor.

Yangi transport vositalari nafaqat pedal bilan ishlaydigan an’anaviy rikshalarni, balki ichki yonuv dvigatelida harakatlanadigan avtorikshalarni ham asta-sekin bozordan siqib chiqarmoqda. Avtorikshalar e-rikshalarga qaraganda mustahkamroq ishlab chiqariladi. Shuningdek, ular yo‘lovchilarni quyosh va yomg‘irdan yaxshiroq himoya qiladi. Ammo tezlik masalasida ular o‘rtasida katta farq bor. E-rikshalar o‘rtacha 25 km/soat tezlikda harakatlanadi. Avtorikshalarda esa bu ko‘rsatkich ikki barobar yuqori.

Shunga qaramay, Hindiston shaharlarida e-rikshalarning tarqalishi juda tez davom etmoqda. Ularni temiryo‘l vokzallari va gavjum markazlar oldida qator bo‘lib turgan holatda ko‘rish odatiy holga aylangan. Hatto elektr rikshani Uber orqali buyurtma qilish imkoniyati ham mavjud.

**Inqilob yirik zavodlardan emas, garajlardan boshlanmoqda**

Yuqorida aytilganidek, Hindistonda yashil energiyada harakatlanuvchi transport vositalariga o‘tish jarayoni boshqa davlatlardagidan keskin farq qiladi. Dunyoning deyarli barcha yirik mamlakatlarida elektromobillar yirik zavodlarda ishlab chiqariladi. Hindistonda tobora ommalashayotgan e-rikshalar esa asosan omborlar, garajlar va vaqtinchalik ustaxonalarda yig‘iladi.

BloombergNEF ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda uch g‘ildirakli elektromobillar, jumladan rikshalar savdosining kamida 70 foizi aynan shu norasmiy ishlab chiqarish sektoriga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, kichik ustaxonalardagi mexaniklar qo‘lda yig‘ish tamoyili asosida ishlaydi. Ular uch g‘ildirakli ramaga qutisimon metall kuzovni o‘rnatadi. Keyin unga motor va akkumulyatorlarni ulaydi. Ushbu qismlarning katta qismi Xitoydan import qilinadi.

E-rikshalar pedal rikshalar an’anasining davomchisi bo‘lsa-da, ular eski modellardan kattaroq va ancha qudratli. Orqa qismida ikkita o‘rindiq bor, shinalari esa qalinroq. Shassi masalasida e-rikshalar an’anaviy rikshalarga qaraganda ko‘proq yuk tashishga mo‘ljallangan.

**Ishsizlik va yoshlar uchun yangi kasb**

Hindistondagi keng tarqalgan ishsizlik ham norasmiy e-riksha sanoatining kengayishiga turtki bermoqda. Yoshlar bunday ustaxonalarga ishga kirib, elektr rikshalarni yig‘ishni bevosita ish jarayonida o‘rganmoqda. Shu tariqa kichik ustaxonalar bir vaqtning o‘zida ham ishlab chiqarish korxonasi, ham o‘ziga xos kasb-hunar maktabi vazifasini bajarmoqda. Biroq bu norasmiy sektorning kelajagi kafolatlangan emas.

Sababi Mahindra, Bajaj va Piaggio kabi yirik avtoriksha ishlab chiqaruvchilari ham e-riksha bozoriga kirib kelmoqda. Ular har kuni minglab rikshalarni konveyerdan chiqara boshlasa, kichik ustaxonalarning bozordagi ulushi qisqarishi mumkin.

Bozorda taklif tez sur’atda oshayotganiga qaramay, e-rikshalarning narxi xaridorlar uchun hanuz qimmatligicha qolmoqda. Ularni o‘rtacha 130 ming rupiya, ya’ni qariyb 1 400 dollarga sotib olish mumkin. Bu pedal bilan harakatlanadigan rikshadan taxminan besh baravar qimmat.

Shu bois ko‘plab haydovchilar e-rikshani birdaniga sotib ola olmaydi. Ular bu muammoni hal qilish uchun mikrokredit tashkilotlariga tobora ko‘proq murojaat qilmoqda. Masalan, LokSuvidha Finance Ltd. kompaniyasining e-rikshalarni xarid qilish uchun ajratgan kredit portfeli mart oyida 2,8 milliard rupiyaga (taxminan 30 mln dollar) yetgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 46 foizlik o‘sishdir.

Boshqa tomondan, arzon narxga intilish xavfsizlik masalasini ham dolzarb qilmoqda. Ayrim ishlab chiqaruvchilar tegishli talablarni chetlab o‘tib, e-rikshalarni atigi 60 ming rupiyaga sotmoqda. Bunday transport vositalarida sifati kafolatlanmagan akkumulyatorlar, zaifroq po‘lat materiallar va past sifatli shinalar ishlatilishi mumkin.

Dehli rasmiylari hisob-kitobiga ko‘ra, shahar ko‘chalarida taxminan 400 ming e-riksha harakatlanmoqda. Ammo ularning faqat yarmi ro‘yxatdan o‘tgan. Yo‘lovchilar uchun ro‘yxatdan o‘tgan va noqonuniy yig‘ilgan rikshalarni ajratish juda qiyin. Mutaxassis bo‘lmagan ko‘zga ularning barchasi deyarli bir xil ko‘rinadi.

Shu bilan birga, elektr rikshalar haydovchining jismoniy mehnatini kamaytirish bilan birga, uning daromadini oshirishga ham yordam beradi. Chunki elektr rikshalar uzoqroq masofaga bora oladi va ko‘proq buyurtma qabul qiladi. Bundan tashqari, e-rikshalar uchun yo‘l haqi pedal rikshaga nisbatan yuqoriroq bo‘ladi.

Ayni paytda ayrim haydovchilar yo‘lovchi tashiydigan e-rikshalaridan yengil yuk tashish uchun ham foydalanadi. Bundan tashqari, kichik yuk mashinalariga aylantirilgan maxsus modellar ham mavjud. Ular 700 kilogrammgacha yuk tashiy oladi.

**Foto: Bloomberg**

**Hukumat e-rikshalarni ekologik yechim deb bilmoqda**

Hindiston hukumati e-rikshalarni mamlakatda havo ifloslanishini kamaytirish va import qilinadigan neftga qaramlikni pasaytirish vositalaridan biri sifatida ko‘rmoqda. Dehli bundan yigirma yilcha avval benzin va dizelda ishlaydigan avtorikshalarni taqiqlab, faqat siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan modellarga ruxsat bergan edi.

Biroq poytaxt ma’muriyati yanvar oyidan boshlab gazda ishlaydigan avtorikshalarni ro‘yxatdan o‘tkazishni to‘xtatmoqchi. Shundan keyin faqat e-rikshalarni ro‘yxatga olish mumkin bo‘ladi. Boshqa hududlar ham asta-sekin shunga o‘xshash tartiblarni joriy etmoqda.

Ammo e-rikshalarning tez ko‘payishi hukumat oldida boshqa muammoni yuzaga chiqardi. Dehli ko‘chalarida tirbandlik kuchayib ketgani sababli rasmiylar jarayonni o‘tgan yil noyabridan may oyigacha to‘xtatib qo‘ydi. Politsiya esa ro‘yxatdan o‘tmagan transport vositalariga qarshi reydlarni kuchaytirdi.

Yangi talablardan biriga ko‘ra, endilikda rikshani faqat uning egasi ro‘yxatdan o‘tkaza oladi. Buning maqsadi bir nechta riksha sotib olib, ularni ijaraga berish orqali daromad qiladigan bizneslarning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

E-riksha haydovchilari pedalni jismonan bosmasa ham, endi ular akkumulyator va elektr energiyasi xarajati kabi yangi muammolarga duch kelmoqda. Hindistondagi elektr rikshalarning aksariyati hanuz qo‘rg‘oshin-kislotali akkumulyatorlardan foydalanadi. Ular benzinli avtomobillarda ishlatiladigan og‘ir va katta hajmli akkumulyatorlarga o‘xshaydi. Odatda ular atigi bir-ikki yil xizmat qiladi. Shu sababli akkumulyatorlarni ijaraga berish xizmatlari ham paydo bo‘lgan.

Dehlida riksha haydaydigan Dilip Kumar har kuni akkumulyator uchun 100 rupiya (taxminan 1 dollar) to‘laydi. U o‘zining eski akkumulyatorini garov sifatida qoldiradi. Haydovchilar bu muammodan qutulish uchun litiy-ion akkumulyatorlarga tobora ko‘proq qiziqmoqda. Hozir bu texnologiya smartfonlardan tortib zamonaviy elektromobillargacha bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarda qo‘llaniladi.

Litiy-ion batareyalarning asosan uchta afzalligi bor: ular yengilroq, uzoqroq xizmat qiladi va tezroq quvvatlanadi. Ammo narx masalasi hanuz asosiy to‘siq bo‘lib turibdi. Litiy-ion akkumulyatorlar qo‘rg‘oshin-kislotali akkumulyatorlarga qaraganda ancha qimmat. Shu sababli ko‘pchilik haydovchilar arzonroq variantdan foydalanishda davom etmoqda.

Bundan tashqari, zaryadlash stansiyalarida ham uzun navbatlar paydo bo‘la boshlagan. Shu sababli kam daromadli mahallalar va xaroba hududlarda norasmiy zaryadlash punktlari yuzaga kelgan. Bunday joylar ko‘cha chetlarida yoki tor yo‘laklarda joylashadi. Bu hududlardan elektr kabellari zich o‘tganligi sababli texnik xavfsizlik omilining ahamiyati ortadi.

Biroq norasmiy zaryadlash stansiyalari elektr rikshalar ko‘payishi bilan yuzaga kelgan yagona muammo emas. Quvvatlashga ehtiyoj yuqori bo‘lgani uchun ko‘chalarda hosil bo‘lgan uzun navbatlar zaryadlash stansiyalariga ham ko‘chgan. Bu ayniqsa kechasi yaqqol ko‘rinadi. Chunki haydovchilar rikshalarni quvvatlash uchun aynan shu vaqtda keladi.

**Riksha atrofida yangi mikroiqtisodiyot va ichki muhojirlar uchun imkoniyat**

Elektr rikshalar soni oshgani sayin Hindiston shaharlarida ushbu transport vositalariga xizmat ko‘rsatadigan butun bir mikroiqtisodiyot shakllandi. Kichik do‘kon va ustaxonalarda rikshalar uchun g‘ildiraklar, disklar, faralar, signal qurilmalari, spidometrlar, o‘rindiqlar va boshqa qismlar sotila boshladi.

Hatto ayrim ustaxonalar rikshalarni modernizatsiya qilish va bezashga ixtisoslashdi. Ular yangi qoplamalar, audio kolonkalar va turli bezaklarni o‘rnatish bilan shug‘ullanmoqda. Natijada birgina e-riksha atrofida mexaniklar, ehtiyot qismlar sotuvchilari, akkumulyator ijarachilari, zaryadlash punktlari egalari va kredit tashkilotlaridan iborat ekotizim paydo bo‘ldi.

Bu jarayon ayniqsa qashshoqlikda yashayotgan millionlab hindistonliklar hayotida yaqqol ko‘rinadi. Oldingi avlod qashshoqlik yoki qurg‘oqchilik sabab qishloqlardan katta shaharlarga kelganida, kun kechirish uchun asosan og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanar edi. Pedal bosib riksha haydash yoki yuk ortilgan qo‘l aravalarini tortish shular jumlasidan.

Zamonaviy hind shaharlarida oziq-ovqat va buyurtmalarni yetkazib berish kabi nisbatan yengil ishlar ham keng tarqalmoqda. Ammo bunday yo‘l bilan daromad topish uchun kamida smartfon, bank hisob raqami, velosiped yoki skuter va ko‘pincha haydovchilik guvohnomasi kerak bo‘ladi. Millionlab odamlar esa bu talablarga javob bera olmaydi.

Shu sababli jismoniy mehnat talab qiladigan og‘ir ishlar ular uchun hanuz asosiy daromad manbai bo‘lib qolmoqda. E-riksha qimmat bo‘lsa-da, bunday odamlar uchun hayotni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlardan biridir. Ko‘pchilik kelajakda o‘z rikshasiga ega bo‘lishni orzu qiladi.

Dehlida yashovchi 32 yoshli Sheikh Mehboob ham shunday insonlardan biri. U pedal bilan harakatlanadigan an’anaviy riksha haydaydi.

“Ilgari men bilan birga pedal bosib yurgan ko‘plab haydovchilar hozir e-rikshalarga ega. Ularning ahvoli mendan yaxshiroq. Men ham bittasini sotib olmoqchiman, ammo pul masalasida omadim kelmayapti”, deydi u.

**Elektromobil inqilobining boshqa qiyofasi**

Hindiston tajribasi elektromobillarga o‘tish jarayoni faqat zamonaviy avtomobillar, yirik zavodlar yoki milliard dollarlik kompaniyalar bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda. E-riksha texnologik jihatdan murakkab elektromobil emasligi aniq. Ularning ayrimlari hatto xavfsizlik talablariga ham javob bermaydi. Bundan tashqari, e-rikshalarning akkumulyatorlari eski, zaryadlash infratuzilmasi esa yetarli emas. Ro‘yxatdan o‘tmagan transport vositalari ham katta muammo bo‘lib qolmoqda.

Shunga qaramay, ular bir vaqtning o‘zida haydovchining jismoniy mehnatini kamaytirish, kunlik daromadini oshirish va kichik bizneslar shakllanishiga yo‘l ochish kabi bir nechta vazifani bajarib bormoqda. Shu bilan birga, hukumatga transportdan chiqadigan zararli chiqindilarni kamaytirishga yordam bermoqda.

Eng muhimi, Hindistonda elektromobil inqilobi yuqoridan, ya’ni yirik zavodlardan emas, balki shahar ko‘chalaridan boshlanmoqda. Millionlab odamlar uchun esa bu shunchaki yangi transport vositasi emas. Balki og‘ir mehnatdan qutulish, yaxshiroq daromad topish va bir kun kelib o‘z biznesiga ega bo‘lish imkoniyatidir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.