Hindiston klinikalari Oʻzbekistonda oʻz filiallarini ochishga qiziqish bildirdi
Hindistonning yirik klinikalari, jumladan Apollo, hamkorlikni kengaytirish doirasida Oʻzbekistonda oʻz klinikalarini ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.

Hindiston klinikalari Oʻzbekistonda oʻz filiallarini ochishga qiziqish bildirdi
Hindistonning yirik klinikalari, jumladan, Apollo Oʻzbekistonda oʻz tibbiyot muassasalarini ochishga qiziqish bildirdi. Bu haqda 30 avgust kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida sogʻliqni saqlash vaziri Eldor Adilov jurnalistlarga maʼlum qildi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, Hindiston bilan hamkorlik doirasida Oʻzbekistonda allaqachon 10 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Hindiston delegatsiyasining tashrifi davomida yana beshta istiqbolli tashabbusni ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Ularning aksariyati farmatsevtika tarmogʻi, xususan, Oʻzbekistonda dori vositalarini ishlab chiqarish va mahalliylashtirish bilan bogʻliq.
Yangi loyihalarni nafaqat Toshkentda, balki mamlakat hududlarida ham amalga oshirish koʻzda tutilgan. Xususan, tashrif chogʻida tomonlar Andijon va Surxondaryo viloyatlaridagi alohida tashabbuslar boʻyicha muzokaralar olib borayotgan edi.
Hamkorlikning alohida yoʻnalishi tibbiy infratuzilmani rivojlantirishga tegishli. Eldor Adilov taʼkidlaganidek, Hindistonning yirik klinikalari, jumladan, Apollo Oʻzbekistonda shu kabi tibbiyot muassasalarini ochish istagini bildirgan.
«Hindistonda Apollo va boshqa yirik klinikalar mavjud. Ular ham Oʻzbekistonda shu kabi klinikalarni ochish istagini bildirishdi. Biz hozirda ushbu yoʻnalishda ham hamkorlik ustida ishlayapmiz», — dedi Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbari.
Tibbiyot sohasida Hindiston bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari sifatida vazir onkologiya va kardiologiyani tilga oldi. Farmatsevtika sektorida onkologik preparatlarni ishlab chiqarish va mahalliylashtirish bilan shugʻullanuvchi Ankavel korxonasini ishga tushirish rejalashtirilgan edi.
Eldor Adilov yana bir istiqbolli yoʻnalish sifatida proton terapiyasini — onkologik kasalliklarni davolashning zamonaviy usulini tilga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, tegishli texnologiya Hindistonda allaqachon qoʻllanilmoqda va Oʻzbekiston rejalarida ham koʻzda tutilgan, biroq uni amalga oshirish joriy loyihaga kiritilmagan.
Davlat tashrifi doirasida, shuningdek, Ayurveda va anʼanaviy tibbiyotning boshqa turlari sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

