Texnologiya

Havoni tozalash miya faoliyatiga ham taʼsir qilishi mumkin - tadqiqot

Tadqiqot natijalari Scientific Reports ilmiy jurnalida eʼlon qilingan. Olimlar tajribani laboratoriya sharoitida emas, balki odamlarning kundalik yashash muhitida oʻtkazgan.

Havoni tozalash miya faoliyatiga ham taʼsir qilishi mumkin — tadqiqot

Amerikalik olimlar HEPA-filtrli havo tozalagichlardan 30 kun foydalanish 40 yosh va undan katta odamlarda miyaning ijro funksiyalari hamda aqliy moslashuvchanlik bilan bogʻliq vazifalarni bajarish tezligini oshirganini aniqladi. Tadqiqot davomida havo tozalagich ishlagan paytda xonadagi mayda zarrachalar konsentratsiyasi oʻrtacha 5,2 dan 2,5 mikrogramm/kub metrga tushgan.

Havodagi mayda zarrachalar miqdorini kamaytirish nafaqat yurak-qon tomir tizimi, balki insonning ayrim kognitiv qobiliyatlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Amerikalik olimlar oʻtkazgan tajriba HEPA-filtrli oddiy havo tozalagichdan bir oy foydalanish 40 yosh va undan katta ishtirokchilarning ayrim aqliy vazifalarni bajarish tezligini sezilarli oshirganini koʻrsatdi.

Inson nafas olish tizimi 10 mikrometrdan katta zarrachalarni nisbatan yaxshi ushlab qoladi. Diametri 2,5–10 mikrometr boʻlgan zarrachalarni tozalash imkoniyati esa ancha past. PM2.5 deb ataladigan, diametri 2,5 mikrometr va undan kichik zarrachalar esa oʻpka orqali qon oqimiga oʻtishi mumkin.

Manbada qayd etilishicha, bunday zarrachalar trombotsitlarning haddan tashqari faollashuviga olib kelishi, natijada qon aylanishi qiyinlashishi, qon bosimi va tromb hosil boʻlish xavfi ortishi mumkin. Mayda zarrachalar taʼsiri infarkt va insult xavfining oshishi bilan ham bogʻlanadi.

Olimlarni esa bu safar havodagi mikrozarrachalarning insonning kognitiv funksiyalariga — yaʼni fikrlash, rejalashtirish va oʻzgaruvchan sharoitda harakatlarni boshqarish qobiliyatiga taʼsiri qiziqtirgan.

Tadqiqot ishtirokchilari avtomobil yoʻllaridan 200 metrgacha masofada yashaydigan odamlar orasidan tanlangan. Bundan maqsad havoni tozalashning taʼsirini aniqroq kuzatish boʻlgan, chunki yoʻllardan uzoqda yashaydigan odamlar nafas oladigan havoda mayda zarrachalar konsentratsiyasi odatda pastroq boʻladi.

Testlar sentabrdan aprelgacha oʻtkazilgan. Yurak-qon tomir kasalliklariga ega odamlar va veyp ishlatuvchilar tadqiqotga kiritilmagan.

Ishtirokchilar ikki guruhga ajratilgan. Asosiy guruh xonadonlariga haqiqiy HEPA-filtrli havo tozalagichlar, nazorat guruhiga esa tashqi koʻrinishidan shunday qurilmalarga oʻxshaydigan, ammo havoni amalda tozalamaydigan qurilmalar oʻrnatilgan.

Havo tozalagichlar faqat yashash xonalarida ishlagan. Qurilmalarning haqiqatan ishlagan yoki ishlamagani ishtirokchilarning soʻzlariga emas, maxsus elektron qayd etuvchi uskunalar maʼlumotlariga asosan nazorat qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.