Texnologiya

Olimlar saraton hujayralarining immun tizimidan qanday yashirinishini aniqladi

Olimlar saraton hujayralarining immun tizimidan yashirinish usulini topdi.

Sanford Burnham Prebys Tibbiy Tadqiqotlar Instituti mutaxassislari saraton hujayralarining organizm immun tizimidan himoyalanish mexanizmini aniqladilar. Bu haqda "Science mail.ru" nashri Science Advances jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib xabar berdi.

Tadqiqotchilarning ma'lum qilishicha, saraton hujayralari o'z atrofidagi immun hujayralari, qon tomirlari va to'qimalarni o'zgartirish orqali o'zini niqoblaydi. Kuzatuvlar shuni ko'rsatdiki, glyukoza miqdorining oshishi o'sma muhitida hujayralar atrofida shakar molekulalaridan tashkil topgan maxsus qatlam – glikokaliksning qalinlashishiga olib keladi. Bu qalin qobiq saraton hujayralarini immun tizimi hujumlaridan yashiradi.

O'tkazilgan tajribalar natijasida bu jarayonda HSF1 deb nomlanuvchi oqsilning asosiy rol o'ynashi isbotlandi. Ushbu oqsil asosan hujayralarni yuqori haroratdan himoya qilsa-da, ayni paytda ko'krak saratonining rivojlanishi va boshqa a'zolarga tarqalishi – metastazga ham sabab bo'ladi.

Tadqiqot mualliflarining ta'kidlashicha, qondagi shakar miqdorining ortishi faqat HSF1 oqsili mavjud bo'lgan muhitda saraton hujayralarining niqoblanish xususiyatini kuchaytiradi.

Ushbu kashfiyot kelajakda saraton hujayralari yuzasidagi himoya qobig'ini yupqalashtiradigan va immun tizimiga o'smani osonroq yo'q qilishga yordam beradigan yangi turdagi dori vositalarini yaratish uchun asos bo'ladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.