Hassadagi tayanch, qalbdagi qanot!
Farhodjon Sayidovning hayot yo‘li haqiqiy o‘zbekona qadriyatlar asosida shakllangan

**Hassadagi tayanch, qalbdagi qanot!**
Inson kamoloti ilmga intilish, halol mehnat va oila tarbiyasi bilan uzviy bog‘liq. «O‘zbektelekom» AK Sharqiy filiali I toifali muhandisi Farhodjon Sayidovning hayot yo‘li ham aynan shu qadriyatlar zaminida shakllangan.
1984-yil 25-fevralda Farg‘ona tumanidagi Gulshan qishlog‘ida tug‘ilgan Farhodjon 2002—2009-yillarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olib, magistraturani ham muvaffaqiyatli yakunlagan. Uning kamol topishida ota-onasi — Farg‘ona shahridagi Chkalov nomidagi mexanika zavodida 45 yil ishlagan Rustam aka hamda to‘qimachilik kombinatida mehnat qilgan Xayriniso ayaning ibrati va tarbiyasi muhim o‘rin tutadi.
Bilimli muhandisning sportdagi yutuqlari haqidagi xushxabarni eshitib, u bilan suhbatlashishga qiziqdim. Farhodjon samimiy tabassum bilan hikoyasini boshladi:
— Bolaligimda tanamda doimiy toliqish va charchoqni sezardim. Shu holatni yengish, bor imkoniyatlarimni ishga solib, tengdoshlarimdan ortda qolmaslikka qat’iy qaror qildim. Bu intilishlarim maktabga borgan kezlarimdayoq boshlangan.
O‘sha kunlarni eslasam, ota-onamning sabr-bardoshi va matonati oldida bosh egaman. Ulardan doimo minnatdorman, har doim duodaman. Ilohim, umrlari uzoq bo‘lsin, sog‘-salomat yurishsin!
Yaratganning marhamati va ota-onamning mehnatlari tufayli orzularimga kutganimdan ham ortiqroq erishdim. Ular meni: «Mayda gap-so‘zlarga e’tibor berma, har kuni olg‘a intil. Shunda ko‘zlagan marralaringga albatta yetasan», deb tarbiyalashdi. Hech qachon istaklarimga to‘sqinlik qilishmadi, aksincha, «Imkoniyatlaring cheksiz, bolam, sen sportdagi maqsadlaringga erishishga qodirsan», deb doim dalda berishdi.
Aynan shu ishonch sabab o‘z imkoniyatlarim chegarasidan chiqib, yangi marralarni zabt etishga muvaffaq bo‘ldim. Natijalarim ota-onam kutganidan ham ziyoda bo‘ldi. Sakkizinchi sinfni tugatgach, tuman markazidagi iqtidorli bolalar uchun mo‘ljallangan 1-litseyga o‘qishga qabul qilindim. Bu mening ilk g‘alabam edi.
— Suzish sporti hayotingizga qanday kirib kelgan edi?
— Bu 2003-yilning yoz oylarida yuz bergan. Talabalik hayotimda men uchun ko‘plab yangiliklar eshigi ochildi. Universitetdagi ta’lim dunyoqarashimni kengaytirdi, meni tobladi, o‘z imkoniyatlarimga bo‘lgan ishonchimni oshirdi. Ayniqsa, sport bilan jiddiy shug‘ullanishga qiziqishim kuchaydi.
Yozning jazirama kunlari edi. Bir kuni kursdoshlarim bilan universitetimiz yaqinidan oqib o‘tadigan Bo‘zsuv anhoriga salqinlab kelish uchun yo‘l oldik. Do‘stlarim cho‘milsa, men ularni tomosha qilib o‘tiraman, deb o‘ylagandim. Ammo anhor sohiliga yetishimiz bilan ular birin-ketin suvga sakray boshlashdi. Ularning zavq-shavqi menga ham yuqdi.
Men ham suvga tushishga qaror qildim. Avval hassamni suvga botirib, chuqurligini tekshirdim. Suv belimdan kelarkan, xavf yo‘q, deb o‘yladim-u, o‘zimni suvga tashladim. O‘zimcha suza boshladim. Bir mahal qarasam, suv meni oqizib ketyapti! Oyog‘imni yerga tirab to‘xtamoqchi bo‘ldim, ammo tagimda yer yo‘q! Yuragim shig‘ etdi — cho‘kayotgandim! Bir zumda xayolimdan minglab afsus-nadomatlar o‘tdi. Yaxshiyamki, ikki o‘rtog‘im chaqqonlik bilan harakat qilib, meni qutqarib qolishdi.
O‘sha kuni bir haqiqatni angladim: menga quruqlikda yurishning o‘zi kamlik qilarkan, suvda ham «yurish»ni o‘rganishim shart edi! O‘zimga-o‘zim: «Men suzishni o‘rganaman. Buning uchun yaxshi murabbiy topishim kerak», deb so‘z berdim.
Shundan so‘ng bir qancha suzish havzalariga bordim. Ammo murabbiylarning aksariyati menga shubha bilan qarab, bosh chayqashardi. Nihoyat, bir murabbiy meni Mitrofanov nomidagi suzish havzasiga yo‘naltirib, u yerdan Konstantin Appolonovich Allekoni topishimni maslahat berdi.
Murabbiyni topdim va birinchi uchrashuvimizdayoq unga savol berdim:
— Men suzishni o‘rgana olamanmi?
Konstantin Appolonovich bir zum menga kulimsirab qarab turdi-da:
— Albatta! Agar chin dildan xohlasang, hatto uchishni ham o‘rganishing mumkin! — deb javob berdi.
Bu so‘zlar ruhimni shu qadar ko‘tarib yubordiki, to‘rtta mashg‘ulotdan so‘ng mustaqil ravishda, hech qanday yordamchi vositalarsiz suza boshladim!
— Respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashgan ekansiz. Bu yutuqlaringiz qachon qo‘lga kiritilgan?
— 2005-yilda Filadelfiyada (AQSh, Pensilvaniya shtati) bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni egallaganman. 2008 yilda esa Xitoy poytaxti Pekinda XIII Yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etdim.
Bu musobaqa men uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Unutilmas taassurotlar bilan yurtimga qaytdim. Sababi, O‘zbekiston vakillari Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, yurtimiz nomini xalqaro sport maydonida munosib namoyon etishdi.
Men 148 davlat vakillari qatnashgan ushbu musobaqada parasuzuvchilar o‘rtasida finalgacha yetib bordim. Finalchi bo‘lishning o‘zi men uchun katta yutuq, ulkan g‘urur va yanada yuqori marralar sari intilishga kuch bag‘ishlagan unutilmas g‘alaba edi!
— Murabbiylik faoliyatingiz haqida ham eshitganmiz.
— Vaqt o‘tishi bilan murabbiylik mas’uliyati ham zimmamga tushdi. 2012-yilgi London va 2016-yilgi Rio-de-Janeyro Paralimpiya o‘yinlariga suzuvchi sportchilarni tayyorlashda ishtirok etdim. Ilhomjon Halimov, Murodjon Xoljigitov, Kirill Pankov, Fotima Alimova, Firdavs Musabekov, Muslima Odilova kabi shogirdlarim bor. Ularning nufuzli musobaqalarda qatnashib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘targani men uchun ham katta quvonch va faxr. Bu zafarlarda kamtarona hissam borligidan mamnunman.
«Ustoz» deya hurmat bilan murojaat qilishganida «Yaratganga shukr», deyman. Bugun ularning o‘zlari ham murabbiylik qilib, parasport rivojiga hissa qo‘shayotgani ayniqsa quvonarli. Masalan, Murodjon Xoljigitov Sirdaryo viloyatida para qilichbozlik bo‘yicha murabbiy. Hamkasbim Ilhomjon Halimov esa Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilgan V Paraosiyo o‘yinlarida pauerlifting bo‘yicha qatnashib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
— Hozir, bilishimcha, sportdagi yo‘nalishingizni o‘zgartirgansiz. Shundaymi?
— Ha, shunday. So‘nggi yillarda para kamondan otish sportini mukammal o‘zlashtirdim. Ayni paytda ushbu sport turi bo‘yicha xalqaro musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelyapman. 2025-yil dekabrida Tojikistonning Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan, Butunjahon kamonchilar uyushmasi — World Archery ro‘yxatiga kiritilgan 18 metr masofadan kamondan otish bo‘yicha xalqaro ochiq musobaqada sog‘lom sportchilar bilan bellashib, ikkinchi o‘rinni egalladim.
Shu yilning 6—9-oktyabr kunlari esa Xo‘jand shahrida Prezident Imomali Rahmon tavallud kuni munosabati bilan tashkil etilgan «Tojikiston Prezidenti kubogi» musobaqasida ishtirok etdim. Olimpik yo‘nalishdagi 70 metr masofadan otish bahslarida parakamonchilar orasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Prezident kubogi sohibi bo‘ldim. Bu men uchun katta quvonch va yanada yuqori marralarga intilishga kuch bag‘ishlagan yutuq bo‘ldi.
Albatta, bu muvaffaqiyatlarimda murabbiylarim Salim Umbarov va Zokir G‘ofurovning xizmatlari beqiyos. Ularning mehnati, ishonchi va ko‘magi uchun cheksiz minnatdorman.
Shu fursatdan foydalanib, sport bilan shug‘ullanishim va turli musobaqalarda qatnashishim uchun zarur sharoitlarni yaratib berayotgan filialimiz rahbari Vladimir Yejkovga, rahbariyat vakillariga, hamkasb-do‘stlarimga, murabbiylarimga va barcha ezgu insonlarga samimiy tashakkurimni izhor etmoqchiman. Ularning har biriga boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman! Barchalarining oltin boshlari omon bo‘lsin!
Ular orasida jondan azizlarim — Dilshod akam, Gulshodxon va Odinaxon singillarim ham bor. Menga ko‘rsatilgan bu mehr va yaxshiliklar uchun Yaratganga har qancha shukr qilsam, oz.
— Farzandlaringiz ham sportga qiziqishadimi?
— Rafiqam Odinaxon bilan uch qiz va bir o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazyapmiz. To‘ng‘ichimiz Soliha hozirda 10-sinfda o‘qiydi. U mening kasbimni tanlagan, axborot texnologiyalari taraqqiyotiga hissa qo‘shishni orzu qiladi. O‘n ikki yoshli qizim Bibihabiba esa mening izimdan borib, kamondan otish sportiga mehr qo‘ydi. Tojikistonda kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada 30 metr masofadan yakkalik bahslarida birinchi o‘rinni, jamoaviy bellashuvlarda esa uchinchi o‘rinni egalladi. Yaqinda Termiz shahrida O‘zbekiston kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqadan ham uchinchi o‘rin bilan qaytdi.
Sakkiz yoshli kenja qizim Rayyonaxon ham sportga juda qiziqadi. U ham kamondan otish bilan shug‘ullanmoqda. Oilamizning erkatoyi, kenja farzandimiz Muhammadhabib esa endigina bir yoshga to‘ldi. Undan ham umidlarim ko‘p.
Farhodjon Sayidovning hayot yo‘li — matonat, iroda va tinimsiz intilishning ibratli namunasi. U mehnat jamoasi va minglab sport ixlosmandlari oldida o‘zining jasoratini, maqsad sari qat’iy intilishini ko‘p bor namoyon etdi. Qo‘l qovushtirib o‘tirmadi, qiyinchiliklardan chekinmadi, doimo olg‘a intildi. Oilasiga, el-yurtiga naf keltirish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi. Hatto ko‘pchilik tasavvur ham qila olmaydigan marralarni zabt etdi.
Uning xalqaro musobaqalarda tushgan suratlarini tomosha qilarkanman, bir manzara e’tiborimni tortdi: Farhodjonning yonida turgan hassa ko‘zimga go‘yo qanotdek ko‘rindi. Ha, xuddi parvozga shaylangan erkin qushning qanotlaridek! Zero, insonni yuksaklikka ko‘taradigan narsa faqat jismoniy imkoniyat emas, balki qalbdagi ishonch, iroda va so‘nmas orzudir.
U bilan suhbatlashsangiz, yorqin nigohi va jarangdor ovozi go‘yo: «Hayotni sev, bugungi baxtingni ertaga qoldirma, intil, harakat qil — Alloh sen bilan!» deyayotgandek tuyuladi. Menimcha, uning hayotiy falsafasi ham shundan iborat.

