Harbiy xizmatga chaqirilganlar giyohvandlikka tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi
Tibbiy tekshiruv giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish holatlarini barvaqt aniqlash maqsadida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy filiallarida oʻtkaziladi.

Harbiy xizmatga chaqirilayotganlar giyohvandlikka tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi
Adliya vazirligi muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan hamda kontrakt asosida harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolarni giyohvandlik vositalari boʻyicha tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish haqidagi idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
Mazkur tibbiy tekshiruv giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish holatlarini erta aniqlash maqsadida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy filiallarida amalga oshiriladi.
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar hududiy harbiy-tibbiy komissiyaga yuborilishidan oldin, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolar esa harbiy-tibbiy muassasada tibbiy koʻrikdan oʻtishlaridan avval tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Tibbiy tekshiruv 2 bosqichda olib boriladi. Avval peshob namunasi ekspress-test orqali tekshiriladi, musbat natija aniqlansa, peshob va (yoki) qon namunalarida mass-spektrometrik identifikatsiya tekshiruvi oʻtkaziladi.
Tibbiy tekshiruv natijalari musbat chiqqan yoki zarur namunalarni topshirishdan bosh tortgan fuqarolar harbiy-tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmaydi.
Tibbiy tekshiruv jarayonida olingan shaxsga oid maʼlumotlar, biologik namunalar hamda tekshiruv natijalarining maxfiyligi taʼminlanadi.

