Dunyo

Harbiy dronlarni kim koʻp eksport qilmoqda?

2022–2025-yillarda AQSH 7 593 ta, Eron esa 6 800 ta harbiy dron eksport qilib, reytingda birinchi va ikkinchi oʻrinni egalladi. Turkiya yetkazib berilgan apparatlar soni boʻyicha beshinchi boʻlsa-da, xaridor davlatlar soni boʻyicha barcha raqiblarini ortda qoldirdi.

Harbiy dronlarni eng ko‘p kim eksport qilmoqda?

Tahlil 2022–2025-yillarda bunday qurilmalarni xorijga yetkazib bergan 14 davlatni qamrab oladi.

Reytingda AQSH va Eron katta tafovut bilan yetakchilik qilmoqda. Ularning har biri uchinchi o‘rindagi Germaniyaga qaraganda olti barobardan ham ko‘proq dron eksport qilgan. Germaniyada bu ko‘rsatkich 1 000 ta bo‘lsa, to‘rtinchi pog‘onadagi Polshada 690 tani tashkil etgan.

Hisobga olingan jami yetkazib berishlarning 97 foizi bir martalik hujumkor dronlar va nishonga urilib portlaydigan barrajlovchi o‘q-dorilar ulushiga to‘g‘ri kelgan. Shu sabab ayrim qurolli mojarolar doirasidagi ta’minot minglab apparatlarni tashkil qilishi mumkin.

Reytingning pastki qismidagi raqamlar ancha kichik. Oxirgi yetti davlat — Chexiyadan Shvetsiyagacha — jami 89 ta apparat eksport qilgan.

Turkiya esa xaridorlar soni bilan ajralib turadi. Mamlakat to‘rt yil ichida 28 davlatga harbiy dron yetkazib bergan. Bu reyting qamrab olgan davrda shunday apparatlarni import qilgan 54 davlatning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Taqqoslash uchun, AQSH va Xitoyning har biri 10 tadan davlatga dron yetkazgan. Demak, Turkiyaning xaridorlari soni ularning har birinikidan qariyb uch barobar ko‘p.

Turkiya dronlarini olgan davlatlarning 12 tasi Afrikada joylashgan. Boshqa xaridorlar orasida NATO a’zolari — Polsha va Ruminiya, shuningdek, Pokiston, Kuvayt va Ukraina bor.

Reytingni sharhlashda uning qamrovini inobatga olish kerak. SIPRI aviatsiya toifasida yuklangan holatdagi vazni kamida 150 kilogramm bo‘lgan dronlarni hisobga oladi. Bir martalik hujumkor dronlar va barrajlovchi o‘q-dorilar esa institut bazasida raketalar toifasiga kiritiladi.

Statistika faqat sotilgan apparatlardan iborat emas: harbiy yordam sifatida berilgan hamda xaridor mamlakatda litsenziya asosida ishlab chiqarilgan dronlar ham hisobga olingan. Kichik FPV-dronlar va tijoriy apparatlar esa asosan qamrab olinmagan.

Shu bois mazkur reyting mamlakatlarning barcha turdagi dronlar eksportini yoki eksportdan olgan daromadini emas, belgilangan toifalardagi apparatlar sonini aks ettiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.