Eron Hormuzda AQSHning eng zamonaviy suvosti dronini qo‘lga oldi

Eron Hormuzda AQSHning eng zamonaviy suvosti dronini qo‘lga oldi
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Hormuz bo‘g‘ozida AQSHga tegishli uchuvchisiz suvosti kemasini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Bu voqea harbiy amaliyotlarda suvosti dronlaridan qanday foydalanilayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Eron davlat OAVlariga ko‘ra, qo‘lga olingan suvosti droni Kaliforniyadagi Anduril mudofaa kompaniyasi ishlab chiqqan Dive-LD nomli yirik avtonom suvosti apparatidir.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, uzunligi 5,8 metr bo‘lgan bu apparat turli vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan. U minaga qarshi choralar ko‘rish, dengiz tubini xaritalash, razvedka ma’lumotlarini to‘plash hamda kabel va quvurlar kabi suvosti infratuzilmalarini tekshirish imkoniga ega.
“Biz Hormuz bo‘g‘ozida terrorchi Amerika armiyasining zamonaviy va aqlli dron kemalaridan birini tutib oldik. Bu apparat eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan”, deyiladi korpus harbiy-dengiz kuchlari bayonotida.
Pentagon matbuot kotibi bunga javoban suvosti droni bir necha kun avval ishdan chiqqanini bildirdi.
“U davom etayotgan amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun hududiy suvlarda kuzatuv olib borayotgan edi. Nosoz dron eski model bo‘lib, unda maxfiy ma’lumotlar yoki sirli sonar va radar uskunalari bo‘lmagan”, dedi Pentagon vakili.
Anduril kompaniyasi ham o‘z apparatlaridan biri yo‘qolganini tasdiqladi, biroq bu holatga katta ahamiyat bermadi.
“Dive-LD avtonom tizim bo‘lib, u boshidanoq yo‘qotilish ehtimoli yuqori bo‘lgan xavfli muhitda ishlash uchun mo‘ljallangan”, dedi kompaniya vakili.
AQSH harbiylari dengizchilar hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan okeanlarni kuzatish va dushman guruhlarini kuzatib borish uchun dengiz dronlariga katta mablag‘ sarflamoqda.
Kompaniya saytida keltirilishicha, Dive-LD bazaga qaytmasdan 10 kungacha ishlay oladi. U 6000 metrgacha chuqurlikka sho‘ng‘ish uchun mo‘ljallangan. DefenseScoop harbiy yangiliklar saytiga ko‘ra, har bir shunday Dive-LD qurilmasi taxminan 2,5 million dollar turadi.
Eronga aloqador to‘rtta neft tankeri Ummon ko‘rfazida, yana biri Xarg oroli yaqinida nishonga olingan.
Tehron bunga javoban AQSHning Iordaniyadagi bazasiga raketalar uchirdi. Iordaniyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari Eronning 20 ta raketasidan 18 tasini urib tushirdi.

