Hakerlar Fransiyadagi qon saqlanadigan muzlatkichlarga hujum qildi
Minus 30 darajadagi biomateriallar harorati 100 daraja issiqqa ko‘tarilgan. Bemorlarga mo‘ljallangan namunalar yaroqsiz holga kelishining oldi olindi.

Hakerlar Fransiyadagi qon saqlanadigan muzlatkichlarga hujum qildi
Hakerlar Fransiya qon xizmati (EFS) omborlaridagi muzlatkichlarga hujum qilib, biomateriallar saqlanadigan haroratni masofadan turib 110 darajagacha oshirdi.
Kiberhujum 2-noyabr kuni Burgundiya – Fransh Konte mintaqasida yuz berdi. Hakerlar Coolworld kompaniyasining sovitish tizimiga buzib kirib, harorat sozlamalarini minus 30 darajadan plyus 110 darajagacha o‘zgartirgan. Biroq texnik xodim haroratning keskin ko‘tarilganini o‘z vaqtida payqab qolgan. Shu tariqa jiddiy oqibatlarning oldi olindi.
Fransiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bu hodisa muassasa faoliyatiga ta’sir qilmaganini bildirdi. Qon xizmati rahbari Frederik Pakud hujum oqibatida bemorlar salomatligiga zarar yetmaganini ta’kidladi.
“Biz bemorlarni davolash uchun mo‘ljallangan namunalarni, shuningdek, plazma zaxiralarini yo‘qotishimiz mumkin edi”, dedi u.
Ma’lumot uchun, 2-noyabr kuni Belgiya, Shvetsiya, Lyuksemburg, Irlandiya, Niderlandiya va Estoniyadagi o‘nlab supermarketlarda muzlatkich va muzxona tizimlariga kiberhujum uyushtirilgan edi. Natijada ushbu moslamalarda harorat keskin oshib ketgan va bu mahsulotlarga jiddiy zarar yetkazgan.

