Fransiyada namoyishchilar politsiya xodimiga o‘t qo‘ydi (video)
Parijda namoyishchilar uloqtirgan “Molotov kokteyli” oqibatida jandarmlardan biri olov ichida qolgan. Ichki ishlar vaziri hodisani qotillikka urinish deb baholadi.

**Fransiyada namoyishchilar politsiya xodimiga o‘t qo‘ydi (video)**
Parijda namoyishchilar huquq-tartibot organlari xodimlari tomon yonuvchi suyuqlik solingan “Molotov kokteyli” otishdi. Natijada jandarmeriya xodimlaridan birining kiyimi yonib ketdi. Bu haqda Fransiyaning La Dépêche nashri yozdi.
Voqea 31-oktyabr kuni kechqurun Parijning Port-de-Sharanton maydoni yaqinida sodir bo‘lgan. Namoyishchilar politsiyaga toshlar, pirotexnika vositalari va yonuvchi suyuqlik solingan idishlarni uloqtirgan.
OAV tarqatgan videoda politsiya xodimlaridan biri alanga ichida qolganini ko‘rish mumkin. Taxmin qilinishicha, maxsus himoya kiyimi uni og‘ir jarohatlardan asragan. Hamkasblari ham olovni o‘chirishga yordam bergan.
Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes jandarm yengil kuygani va xizmatni davom ettirgani haqida ma’lum qildi. Vazir bu hodisani “qotillikka urinish” deb atab, hujumga aloqador shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish uchun barcha choralar ko‘rilishini bildirdi.
31-oktyabr kuni Fransiya bo‘ylab namoyishlar avval tinch boshlangan, biroq kechga borib ayrim shaharlarda namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Parij va Lionda huquq-tartibot organlari namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz ishlatgan.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab namoyishlarda 320 ming kishi, jumladan, Parijning o‘zida 70 ming kishi qatnashgan.
Marselda ham o‘t qo‘yish holatlari qayd etilib, yong‘inlarni o‘chirish uchun o‘t o‘chiruvchilar jalb qilingan. Renn va Tuluzada politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lgan. Rennda ayrim namoyishchilar huquq-tartibot organlari xodimlariga turli buyumlar uloqtirgan.
Fransiyada norozilik namoyishlari sentyabr oyidan beri davom etmoqda. Dastlab yuqori sinf o‘quvchilari ta’lim jarayonidan norozilik bildirib, darslarni to‘xtatgan va ayrim joylarni yoqib yuborgandi. Tartibsizliklar sabab mamlakat bo‘ylab yuzlab litseylar yopilgan.
Keyinchalik norozilik namoyishlari kengayib, inflyatsiya, yoqilg‘i narxining oshishi va aholining xarid qobiliyati pasayishiga qarshi chiqishlarga aylangan.
Fransiya bosh vaziri Sebastyen Lekornyu 2027-yilgi prezidentlik saylovlari arafasida mamlakatda tartibsizliklar uzoq davom etishi mumkinligidan ogohlantirdi.

