Dunyo

Fransiya olov ichida. Nima gap oʻzi?

Fransiyada bir necha haftadan buyon namoyishlar tinchimayapti. Maktab oʻquvchilarining eʼtirozidan boshlangan namoyishlar butun mamlakatni qamrab olib, jiddiy siyosiy muammoga aylandi. Tramp namoyishlarda islomni va musulmonlarni aybladi, «Parij tez orada musulmon shaharga aylanishidan» ogohlantirdi. Xoʻsh, aslida muammo nimada? Fransuzlar nima daʼvo bilan koʻchalarga chiqdi?

Fransiya olov ichida. Nima boʻlyapti oʻzi?

Hammasi Parij chekkasidagi maktablardan boshlandi. Oʻquvchilar maktablardagi sharoit yomonligi, sinfxonalar haddan tashqari gavjumligi, binolar eskirgani va oʻqituvchilar yetishmasligidan norozi boʻlib koʻchaga chiqdi. Keyin bu namoyishlarga talabalar ham qoʻshildi.

Fransiyada odatda namoyishlar juda tez yoyiladi. Norozilik aksiyalarining katta qismi tinch oʻtadi, odamlar ijtimoiy muammolar yuzasidan oʻz eʼtirozlarini hukumatga bannerlar bilan bildiradi. Ammo radikal guruhlar uchun namoyishlar tartibsizlik chiqarish va tovlamachilik qilish uchun qulay imkoniyat. Bu safar ham shunday boʻldi: maktab bolalarining eʼtirozi bilan boshlangan noroziliklarda yomon niyatli guruhlar «estafetani ilib ketib», tinch namoyishni buzgʻunchilikka aylantirib yubordi.

Demokratik jamiyatlarda odamlarning hukumatga eʼtirozini tinch namoyish shaklida bildirish odatiy hol hisoblanadi. Keling, hech kimning mashinasini yoqmaydigan, hech kimning doʻkonini talamaydigan haqiqiy namoyishchilar nimadan norozi ekaniga qaraymiz. Asosiy norozilik narx-navo izdan chiqqani bilan bogʻliq, hukumat ham aynan shu versiyani ilgari surdi. Parijliklar uy-joy narxi va ijara haqi odamlar daromadiga nisbatan haddan tashqari yuqoriligidan shikoyat qilmoqda. Muammo ayniqsa Parijda yaqqol seziladi: bu shaharda oddiy uy ijarasi oyiga 2 ming yevro atrofida, biroq oyiga shuncha pul toʻlaydigan ish topish oson emas.

Shu oʻrinda ijara narxi nega odamlar daromadiga qarab belgilanmaydi, degan savol tugʻiladi. Bu bozor iqtisodiyoti bilan bogʻliq masala. Parij sayyohlar oqib keladigan manzil. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan boy odamlar bu shaharda uy sotib olib, uni ijaraga berib pul ishlaydi. Boy investorlarning koʻchmas mulkka sarmoya kiritishi tabiiy ravishda narxni oshiradi.

Natijada Parijdagi koʻplab uylar puli koʻp sayyohlar uchun qulay, oddiy oylik bilan ishlaydigan fransuz uchun esa maoshining katta qismini yutib yuboradigan hashamatga aylandi. Namoyishchilar bundan norozi, ular Fransiya avvalo fransuzlar uchun boʻlishi, hukumat mahalliy aholiga yordam berishi kerak, deb hisoblaydi.

Bu muammo Yevropaning koʻplab rivojlangan davlatlarida uchraydi. Osiyolik boylar Yevropada koʻchmas mulk sotib olib pul ishlashni odat qilgan, chunki ular yevropaliklar aldamasligini, qonun ishlashini, hech kim mulkini tortib olmasligini biladi. Olmoniyada hukmron partiyaning hududiy saylovlarda yutqaza boshlashiga sabab boʻlgan omillardan biri ham aynan shu.

Xoʻsh, muammolar mahalliy ekan, nega unda namoyishga chiqqan muhojir yoshlarga urgʻu berilmoqda? Chunki namoyishlarda aynan shu muhojirlarning farzandlari faol boʻldi. Oddiy fransuzlar ijtimoiy muammoni hukumatga yetkazish uchun koʻchaga chiqqan edi, lekin oʻsha yoshlar doʻkonlarga bostirib kirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.