Dunyo

«Darslar koʻp, oʻqituvchi kam»: Fransiyada oʻquvchilar koʻchaga chiqdi

Fransiyada sinflarning toʻlib ketgani, oʻqituvchilar yetishmasligi va dars jadvalining haddan tashqari tigʻizligidan norozi oʻquvchilar namoyishlari kengaymoqda. Bir hafta ichida noroziliklar 356 ta maktabni qamrab olgan, ayrim shaharlarda esa politsiya bilan toʻqnashuvlar yuz bergan.

«Darslar koʻp, oʻqituvchi kam»: Fransiyada oʻquvchilar ko‘chaga chiqdi

DW nashrining AFP agentligiga tayanib xabar berishicha, Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes 30-sentabr kuni namoyishlar 356 ta maktabni qamrab olganini maʼlum qilgan. Bir kun avval bu ko‘rsatkich 338 ta edi.

Noroziliklar boshlanganidan beri 625 kishi qo‘lga olingan. To‘qnashuvlarda 83 nafar politsiya va jandarmeriya xodimi jarohat olgan.

Fransiya Taʼlim vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, o‘tgan haftadan buyon 119 nafar o‘quvchi va 34 nafar maktab xodimi ham zarar ko‘rgan. Vazir Eduar Jeffre vaziyatni «taʼlim sohasida misli koʻrilmagan holat» deb taʼriflagan.

Namoyishlar avval Parij va uning atrofini qamrab oluvchi Il-de-Frans hududida boshlangan, keyinchalik esa butun mamlakat bo‘ylab yoyilgan.

Yuqori sinf o‘quvchilari sinflarda bolalar sonining haddan tashqari ko‘pligi, pedagoglar yetishmasligi, taʼlim muassasalarining yomon ahvoli hamda, ularning fikricha, dars jadvalining o‘ta tig‘izligidan norozi.

Ayrim yirik shaharlarda namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylangan. Baʼzi holatlarda namoyishchilar tosh va yonuvchi aralashma solingan shishalardan foydalangan. Politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ko‘plab yoshlarning «xavotiri va gʻazabini» tushunishini bildirgan. Biroq u bu muammolarning hech biri zo‘ravonlikni oqlamasligini taʼkidlagan.

Hukumat o‘quvchilar o‘z xavotirlari va talablarini bildira olishi uchun muloqot platformasini tashkil etishini eʼlon qilgan. U 6-oktabrdan kechikmay ishga tushishi kerak. Shundan so‘ng rasmiylar vaziyatni umummilliy miqyosda tahlil qilishni rejalashtirmoqda.

«Qanday boʻlmasin, oʻquvchilarimizning darslarga qaytishiga erishishimiz kerak», - degan taʼlim vaziri.

AFP qayd etishicha, so‘l populistik «Bo‘ysunmas Fransiya» partiyasi o‘quvchilarning norozilik harakatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Partiya yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon o‘z siyosiy kuchi zo‘ravonliksiz namoyishlarga chaqirayotganini bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.