Fransiyadagi zargarlik zavodidan 50 kilogacha oltin o‘g‘irlandi
O‘g‘rilar zavoddan qochish vaqtida yo‘lga mixlar sochib ketgan. Voqea joyiga kelgan politsiya avtomobillarining shinalari teshilgan.

Fransiyadagi zargarlik zavodidan 50 kilogacha oltin olib ketildi
Fransiyada noma’lum shaxslar zargarlik zavodidan 50 kilogrammgacha oltin va boshqa qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlab ketdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘rilik 3-noyabr kuni Bezanson shahridagi zargarlik zavodida yuz bergan. Ertalab soat 7:00 lar atrofida niqob va bronjilet kiygan besh nafar shaxs zavod hududiga bostirib kirgan. Ular uzun stvolli qurollardan bir necha bor o‘q uzib, xodimlarni qo‘rqitgan.
Qochish chog‘ida o‘g‘rilar yo‘lga ataylab mixlar sochib ketgan. Natijada politsiya avtomobili va motosiklining shinalari teshilgan. Jinoyatchilar qochishda foydalangan avtomobil keyinchalik yoqib yuborilgan holatda topilgan.
Hujum oqibatida zavodning bir xodimi jarohat olgan. Prokuratura tergov boshlab, ishni uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limiga topshirgan. Bezanson shahrida qimmatbaho metallarga ishlov beruvchi bir nechta korxona faoliyat yuritadi. Shu bois zargarlik va qimmatbaho metall buyumlari ishlab chiqarish sohasi jinoyatchilar hujumiga muntazam duch keladi.
Fransiyada iyul oyida niqobli shaxslar Elzasdagi Lalique muzeyiga bostirib kirib, atigi 11 daqiqada 4,5 million yevroga baholangan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketgan edi.
Sentyabr oyida esa ikki niqobli shaxs Kany-sur-Mer shahridagi Renuar muzeyiga bostirib kirib, uch daqiqadan kamroq vaqt ichida Renuarning to‘rtta asarini o‘g‘irlab ketgan. Politsiya yetib kelganida, ular asarlarning ikkitasini muzey bog‘ida tashlab ketgan edi.

