Dunyo

Fransiyada avtomobil bir guruh odamlarni bosib ketdi. Ikki kishi halok bo‘ldi

Fransiyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Kan shahrida avtomobil bir guruh odamlarni bosib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi va to‘qqiz kishi jarohatlandi. Bu haqda AFP xabar berdi.

Voqea 26-avgust kuni taxminan soat 22:15 da Kan temiryo‘l vokzali yaqinida sodir bo‘lgan. Kalvados prefektining ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi vokzal qarshisidagi ko‘chada turgan piyodalar ustiga ataylab mashina haydagan. Kan xavfsizlik xizmati barcha jabrlanganlar 17 yoshdan 36 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ekanligini tasdiqladi.

Hodisa natijasida ikki kishi vafot etgan, yetti kishi og‘ir va ikki kishi yengil jarohatlangan. Halok bo‘lganlardan biri 35 yoshli, ikkinchisi 28 yoshli Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan. Jabrlanganlar orasida Fransiya, Misr, Bangladesh va Sudan fuqarolari borligi, ularning ba’zilarining oyog‘i singani aytildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqeadan oldin vokzal yaqinidagi barda janjal kelib chiqqan. Gumonlanuvchi bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanganidan so‘ng avtomobilida qaytib kelgan. U avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lakka kirib, bekat ostida turgan odamlar ustiga mashina haydagan. Zarba natijasida janjal ishtirokchilaridan tashqari, transport kutayotgan boshqa yo‘lovchilar ham jabrlangan.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil rulida 26 yoshli, asli rossiyalik shaxs bo‘lgan. U Fransiyada qonuniy yashab kelgan. Gumonlanuvchi piyodalarni bosib ketgach, voqea joyidan yashiringan, biroq ko‘p o‘tmay hodisa joyidan 20 kilometr uzoqlikdagi Uistreham port shahrida ushlangan. Erkak hodisa vaqtida mast bo‘lmagan. U avval ham yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun politsiya nazoratida bo‘lgan, lekin ro‘yxatga olinmagan.

So‘rov paytida erkak voqeadan avval vokzal maydonida zo‘ravonlikka uchraganini aytgan. Kan prokurori Joel Garrigning bildirishicha, gumonlanuvchining bu ko‘rsatmalari batafsil tekshiriladi.

Hodisa yuzasidan qotillik hamda avtomobildan qurol sifatida foydalangan holda qasddan zo‘ravonlik sodir etish moddasi bo‘yicha tergov boshlangan. Politsiya hozircha buni terrorchilik harakati deb hisoblamayotganini, ammo tergov endigina boshlanganini ma’lum qildi.

2025-yil may oyida Barselonada avtomobil “Espanyol” muxlislari ustiga haydalgani oqibatida 13 kishi jarohatlangandi. O‘sha oyda Angliya chempionligini nishonlash uchun o‘tkazilgan paradda avtomobil “Liverpul” muxlislari orasiga kirib borgan. Hodisadan so‘ng 27 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan ikki nafarining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.