Iqtisodiyot

GM UzAuto Motors'ni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega boʻlmaydi - Davaktiv

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors'ni xususiylashtirish ochiq va raqobat asosida amalga oshirilishiga urgʻu berib, Amerikaning General Motors kompaniyasiga aktivni sotib olish uchun imtiyoz yoki ustuvor huquq berilmasligini maʼlum qildi.

GM UzAuto Motors’ni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega bo‘lmaydi — Davaktiv

UzAuto Motors’ni xususiylashtirish ochiq va raqobat tamoyillari asosida o‘tkaziladi. Bu jarayonda ayrim kompaniyalarga, jumladan Amerikaning General Motors kompaniyasiga ham aktivni xarid qilish uchun imtiyoz yoki ustuvor huquq berilmaydi.

Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, xususiylashtirishda milliy qonunchilik talablariga mos keladigan istalgan investor qatnashishi mumkin. Aktivni xalqaro savdolar orqali, jarayonning ochiqligi va shaffofligini ta’minlagan holda sotish rejalashtirilgan.

UzAuto Motors’ni sotishga tayyorgarlik avval tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi doirasida allaqachon boshlangan. Davaktiv xalqaro konsultantlarni jalb qilgan bo‘lib, ular hozir kompaniyada due diligence tekshiruvini o‘tkazmoqda hamda sotuv uchun zarur hujjat va materiallarni yig‘moqda.

Konsultantlarning tegishli xulosalari va takliflari olinishi bilan agentlik aktivni sotish jarayoni boshlanganini rasman e’lon qiladi.

Avvalroq, UzAuto Motors Chevrolet brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarishi va texnologik jihatdan GM litsenziyalari hamda butlovchi qismlariga bog‘liqligi aytilgan edi. Shu sababli ehtimoliy xaridor Amerika kompaniyasi bilan birga ishlaydigan tashkilotlardan biri bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.