Germaniyadagi 45 ming iş örniga atigi 2 ming kişi joylaşdi
Joriy yilda Germaniyadan 45 ming mutaxassisga buyurtma kelib tuşgan, ammo atigi 2 ming kişi işga joylaşgan. Asosiy sabab - nemis tilini biladigan kadrlar yetişmasligi. Prezident kasbga öqitiş va til tayyorgarligini birga olib boriş zarurligini taʼkidladi.

Germaniyada 45 ming ish o‘rniga bor-yo‘g‘i 2 ming kishi joylashdi.
Bu haqda 2-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z bordi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Yig‘ilishda xorijiy ish beruvchilarning buyurtmalarini texnikumlardagi ta’lim bilan bog‘lash, yoshlarni ishga joylashish uchun zarur til va amaliy ko‘nikmalarga maqsadli tayyorlash muhimligi qayd etildi.
Hozir Germaniyaning Globogate kompaniyasi bilan hamkorlikda respublikadagi 20 ta tibbiyot texnikumida yiliga 1,5 ming hamshira tayyorlanmoqda. Qarshidagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida esa germaniyalik o‘qituvchilar yoshlarga nemis tili va kasb o‘rgatmoqda.
Andijonda ham tadbirkor bo‘sh turgan texnikumni ta’mirlab, Germaniyadan o‘qituvchi jalb qilgan holda yiliga 1,5 ming mutaxassis tayyorlayotgani aytildi. Prezident bu tajribani kengaytirib, har bir viloyatdagi ikki-uchta texnikumda kasb bilan birga nemis tilini o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.
Germaniyaning Telk kompaniyasi Intil xalqaro o‘quv markazida 100 nafar nemis tili o‘qituvchisini tayyorlashni boshlagan. Ularni 2027-yil boshidan hududlardagi texnikumlarga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda boshqa mamlakatlardagi imkoniyatlardan ham yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yevropa Ittifoqi ilk bor Markaziy Osiyodan mutaxassislarni jalb etish masalasini migratsiya strategiyasiga kiritgan. Biroq prezident bu imkoniyatlardan foydalanishda elchilar, hokimlar va texnikumlarning o‘rni sezilmayotganini qayd etdi.
Jumladan, Buyuk Britaniyada 33 ming ishchiga ehtiyoj bor. Shunga qaramay, ushbu mamlakatga fuqarolar asosan qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga yuborilmoqda. Tibbiyot, logistika va sanoat sohalarida ish beruvchilar bilan aniq kelishuvlar yo‘q, «Yoshlar mobilligi» dasturida ishtirok etish masalasi ham hal etilmagan.
Italiya bilan mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuv mavjud bo‘lsa-da, bu imkoniyat ishga solinmayotgani ta’kidlandi.
Davlat rahbari chet tilini bilish xorijda yuqori daromadli ish topishning asosiy shartlaridan biri ekaniga e’tibor qaratdi. O‘zbekistonda ingliz tilini puxta o‘rganib, sertifikat olgan 200 mingga yaqin yosh bor. Biroq ularning AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Shvetsiya va Daniyada ishlashi uchun yo‘l ochish bo‘yicha ishlar yetarli emasligi qayd etildi.

