Germaniyada siyosiy zilzila: ashaddiy millatchilar gʻalabasi nimadan darak?
6-sentabr kuni Germaniyaning Saksoniya-Anxalt viloyatida boʻlib oʻtgan mahalliy saylovlar natijasi Germaniya va Yevropani shokka tushirdi. Ikkinchi jahon urushi tugagan 1945-yildan beri birinchi marta ashaddiy oʻng, millatchi va ksenofob partiya Germaniya viloyatlaridan birida mahalliy hokimiyatni shakllantiruvchi asosiy kuchga aylandi.

Germaniyada siyosiy silkinish: ashaddiy millatchilar gʻalabasi nimadan darak beradi?
Germaniya — Yevropa Ittifoqida aholi soni, iqtisodiy ulushi, yalpi ichki mahsuloti va siyosiy taʼsiri boʻyicha eng yirik hamda eng muhim davlat. Yevropa Ittifoqining qaysi yoʻnalishda rivojlanishini belgilashda aynan Germaniya va Fransiya katta rol oʻynaydi.
Endi esa bir paytlar birinchi va ikkinchi jahon urushlariga sababchi boʻlgan, millatchilik va natsizm markazi sanalgan Germaniyada yana ashaddiy millatchilarning mahalliy hokimiyatga kelishi katta shok va koʻplab savollarni yuzaga chiqarmoqda.
Nega Saksoniya-Anxelt viloyati ashaddiy millatchilarga ovoz berdi? Bu yerda uch yoʻnalishdagi norozilikni koʻrish mumkin.
Birinchisi, ijtimoiy protest. Saksoniya-Anxelt viloyati sharqiy Germaniyada, sobiq GDR hududida joylashgan. U Gʻarbiy Germaniya viloyatlariga nisbatan iqtisodiy jihatdan sustroq rivojlangan, zavod-fabrikalar kamroq, ishsizlik esa nisbatan yuqoriroq. Shunga qaramay, Germaniyaning eng kam rivojlangan viloyati ham Yevropa Ittifoqidagi boshqa davlatlarga qaraganda ancha rivojlangan ekani aniq. Yaʼni bu viloyat aholisi “Germaniya uchun muqobillik” partiyasiga ovoz berar ekan, oʻzining ijtimoiy-iqtisodiy holatini Germaniyadagi eng rivojlangan viloyatlar bilan taqqoslagani kuzatiladi.
Ikkinchisi, madaniy protest. Saksoniya-Anxelt viloyati aholisi soʻrovlarda migrantlar va emigrantlarga qarshi ovoz berganini bildirgan. Masalan, “Men "Germaniya uchun muqobillik" partiyasiga ovoz berdim, chunki kechalari koʻchaga chiqishdan qoʻrqib boshlagandim, endi bu partiya Saksoniya koʻchalarida xavfsizlik oʻrnatishiga ishonaman” deganlar boʻlgan. Aslida, Germaniya viloyatlari ichida Saksoniya-Anxeltda migrantlar soni eng kam boʻlgan viloyat hisoblanar ekan — umumiy aholining 8 foiziga ham yetmas ekan. Shunga qaramay, bu viloyat aholisi ksenofobiya va madaniy protest sabab ultra oʻng partiyaga ovoz berdi.
Uchinchisi, geosiyosiy protest. “Germaniya uchun muqobillik” partiyasining eng katta tashqi siyosiy gʻoyalaridan biri — Rossiya bilan yarashish, Rossiyadan arzon gaz va neft sotib olishni qayta yoʻlga qoʻyish.

