Germaniyada «Shimoliy oqim» quvurlarini portlatganlikda ayblanayotgan ukrainalik ustidan sud jarayoni boshlandi
Hujumlardan toʻrt yil oʻtgach, Sergey K. Rossiyaning Germaniyaga yoʻnaltirilgan gaz quvurlarini portlatish tilbiriktiruvida ayblanib, sud oldida javob beradi.

Germaniya ukrainalikni «Shimoliy oqim» gaz quvuridagi portlashlar boʻyicha sudga tortmoqda
Sergiy K. oʻtgan yilning oxirida Italiyadan Germaniyaga ekstraditsiya qilingan edi
Zamonaviy Yevropa tarixidagi eng shov-shuvli diversiyalardan biri sodir boʻlganidan toʻrt yil oʻtib, chorshanba kuni Gamburgda ukrainalik erkak ustidan sud jarayoni boshlanishi kutilmoqda. U Rossiyaning Germaniyaga yoʻnaltirilgan «Shimoliy oqim» gaz quvurlarini portlatganlikda ayblanmoqda.
Germaniya prokurorlari tomonidan Sergiy K. deb tilga olingan ushbu shaxs boshqa ukrainalik harbiy xizmatchilar bilan til biriktirib, quvurlarni yoʻq qilish va Rossiyaning gaz tushumlari orqali oʻz urushini moliyalashtirishiga yoʻl qoʻymaslikda ayblanmoqda.
Ushbu ish Germaniyada juda nozik masala hisoblanadi. Mamlakat Rossiya 2022 yil fevral oyida — hujumlardan yetti oy oldin — keng koʻlamli bosqinni boshlaganidan beri Ukrainaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida koʻrib kelinmoqda.
Oʻtgan yili Germaniyaga ekstraditsiya qilingan Sergiy K. portlashlar boʻyicha sudga tortilgan birinchi gumonlanuvchi boʻladi.
U ayblovlarni rad etmoqda. Xorvatiyadan ekstraditsiya qilinishiga qarshilik koʻrsatayotgan ikkinchi gumonlanuvchi ham oʻz aybini tan olmayapti.
2022 yil 26 sentyabrda Boltiq dengizidagi Bornxolm oroli yaqinida joylashgan toʻrtta gaz quvuridan uchtasi portlash oqibatida vayron boʻlganidan keyingi oylarda Gʻarbning gumonlari Moskvaga qaratilgan edi, garchi toʻgʻridan-toʻgʻri hech kim aybdor deb eʼlon qilinmagan boʻlsa-da.
Rossiya hujumdan bir necha hafta oldin «Shimoliy oqim - 1» orqali Germaniyaga gaz yetkazib berishni toʻxtatib qoʻygan edi, «Shimoliy oqim - 2» esa umuman ishga tushirilmagandi. Berlin bosqindan sal oldin ushbu koʻp milliard dollarlik loyihani muzlatib qoʻygan edi va portlashlardan oldin Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining shubhali harakatlari haqida xabarlar tarqalgandi.
Shvetsiya, Daniya va Germaniya tergovchilari hujumni kim amalga oshirganini aniqlashga harakat qilayotgan bir paytda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh va uning angiliyalik ittifoqchilarini — «anglosakslarni» aybladi. Ular bu ayblovni rad etishdi.
Nihoyat, Daniya va Shvetsiya oʻz tergovlarini yopganidan soʻng, Germaniya prokurorlari eʼtiborni Germaniya shimolidagi Rostok ortidagi portda «Andromeda» nomli yaxtani ijaraga olgan chuqur suv gʻavvoslari guruhiga qaratdi.
Keyinchalik ular «qayiqdan olingan namunalarda suv osti portlovchi moddalarining izlari topilganini» maʼlum qilishdi.
2022 yil sentyabrdagi portlashlar oqibatida «Shimoliy oqim»ning toʻrtta quvuridan uchtasi shikastlangan
Kiyev bilan munosabatlardagi taranglikka qaramay, Germaniya prokurorlari ishni davom ettirishdi va 2025 yil yanvarda Germaniya Federal Oliy sudi ushbu ish Germaniya hududiy yurisdiktsiyasiga kirishini va prokurorlar harakat qilishi shartligini, chunki bu «[Germaniyaning] ichki xavfsizligiga putur yetkazish» bilan bogʻliqligini hakamlik qildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainaning «[Shimoliy oqimdagi portlashlarga] aloqasi yoʻqligini» muntazam taʼkidlab keladi, garchi Germaniya prokurorlari oʻz ayblov xulosasida diversantlar rejani «Ukraina davlat organlari topshirigʻiga binoan» tuzishganini taʼkidlashsa-da.
Ularning aytishicha, bu ish Germaniyaning xalqaro huquqga qarshi jinoyatlar kodeksiga koʻra «harbiy jinoyat» va «fuqarolik obʼyektlariga nisbatan harbiy vositalar bilan qilingan hujum» sifatida tasniflanadi.
Ushbu ish Kiyev va Berlinda sud jarayoniga boʻlgan turlicha qarashlarni yuzaga chiqardi.
Ukraina parlamentining Tashqi ishlar qoʻmitasi raisi Aleksandr Merejkoning aytishicha, portlashlar Rossiya bilan urush paytida sodir boʻlgan va «Shimoliy oqim - 2» Rossiyaning urushga tayyorgarlik koʻrish uchun ishlatgan qurolidan boshqa narsa emas edi».
U VVSga Germaniya talqinining hech qanday tasdigʻi yoʻqligini aytdi: «Bu shunchaki talqinlardan biri».
Aksincha, Germaniyaning Tashqi aloqalar boʻyicha kengashi vakili Shtefan Maysterning aytishicha, Berlindagi ketma-ket kantslerlar bu ishdan siyosatni olib tashlashga astoydil harakat qilishgan.
«Ular bundan katta shov-shuv koʻtarmaslikka, ortiqcha eʼtibor qaratmaslikka va ishni tegishli muassasalarga, sud tizimiga topshirishga harakat qilishdi, toki ular bu bilan shugʻullansin. Bu siyosiy ish emas. Shuning uchun ular uni siyosatdan xoli qilishga urinishdi», — dedi u.
2025 yil avgust oyida Sergiy K. Italiyaning Adriatika sohilidagi Rimini kurorti yaqinidagi mehmonxonaga joylashganidan soʻng, Germaniya federal prokurorlari tomonidan chiqarilgan Yevropa hibsga olish orderiga asosan politsiya tomonidan ushlandi.
Sudda ekstraditsiya boʻyicha bir necha haftalik kurashlardan soʻng, sud hujjatlarida Sergiy Kuznetsov sifatida koʻrsatilgan Sergiy K. oʻtgan yilning oxirida Germaniyaga topshirildi.
Germaniya prokurorlarining taʼkidlashicha, 2022 yilda u Ukraina armiyasining amaldagi zobiti boʻlgan va professional gʻavvoslar, qayiq kapitani hamda portlovchi moddalar boʻyicha mutaxassisdan iborat guruhga boshchilik qilgan.
Uning Italiyadagi huquqiy kurashi davom etayotgan bir paytda, yana bir ukrainalik erkak — Volodimir Juravlyov Polsha sudida Germaniyaning ekstraditsiya soʻroviga muvaffaqiyatli qarshi chiqdi.
Italiya Oliy sudinikidan mutlaqo farq qiladigan qarorida Polsha sudyasi 2025 yil oktyabr oyida Juravlyovni ozod qilishga farmoyish berib, quvurlarga qilingan hujum noqonuniy boʻlmaganini va agar Ukraina qurolli missiya tashkil etgan boʻlsa, bu «oqlangan, oqilona va adolatli» boʻlganini aytdi.
Varshava sudi tomonidan ozod qilinganiga qaramay, u oʻtgan avgust oyida Xorvatiyada diversiya uchun «zarur boʻlgan gʻavvoslik amaliyotlarida qatnashgan» gumonlanuvchi sifatida hibsga olindi.
Oʻtgan oyda Xorvatiya uni ekstraditsiya qilishni maʼqulladi, garchi bu qachon sodir boʻlishi yoki uning ishi Gamburgdagi sudning bir qismiga aylanishi mumkinligi nomaʼlum boʻlsa-da.
Ushbu ish Kiyev va Berlin uchun murakkab xususiyatga ega boʻlishiga qaramay, ukrainalik deputat Aleksandr Merejko bu munosabatlarga zarar yetkazadi deb hisoblamaydi va «bizni qoʻllab-quvvatlashda davom etish Germaniyaning oliy milliy manfaatlariga mos keladi», deydi.

