Germaniyada qishda gaz taqchilligi yuzaga kelishi mumkin
Germaniyada yerosti omborlaridagi gaz zaxiralari sentabr boshida 53 foizgacha tushib, statistika yuritila boshlanganidan buyon eng past koʻrsatkichni qayd etdi. Operatorlar qish juda sovuq kelsa, zaxiralar fevral boshidayoq tugab qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Germaniyada qish mavsumida gaz tanqisligi yuzaga kelishi ehtimoli bor
Germaniyadagi yerosti gaz va vodorod omborlari operatorlarini birlashtiruvchi INES (Initiative Energien Speichern) mamlakatda yaqinlashayotgan qishda tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolar paydo boʻlishi mumkinligini bildirdi.
Tashkilot 8-sentabr kuni eʼlon qilgan maʼlumotlarga ko‘ra, sentabr boshida Germaniyadagi gaz omborlari atigi 53 foizga to‘ldirilgan. Bu tegishli statistika yuritila boshlanganidan beri, yaʼni so‘nggi 15 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yili omborlardagi gaz zaxiralari 53 foizlik darajaga iyun oxiridayoq yetgan, sentabr boshida esa to‘lish darajasi qariyb 71 foiz bo‘lgan.
INES hisob-kitoblariga ko‘ra, texnik jihatdan Germaniya 1-noyabrga qadar gaz omborlarini taxminan 77 foizgacha to‘ldirishi mumkin. Biroq buning uchun gazni omborlarga quyish surʼatini ancha oshirish zarur.
Xususan, qolgan ikki oy ichida omborlarga so‘nggi uch oy davomida jami quyilganidan ham ko‘proq gaz joylashtirish kerak bo‘ladi.
Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, agar qish odatiy haroratda o‘tsa, omborlarning 77 foizga to‘ldirilishi mamlakat ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli bo‘lishi mumkin.
Ammo qish 2010-yildagidek juda sovuq keladigan bo‘lsa, bunday zaxira yetmaydi. INES modellashtirishiga ko‘ra, ekstremal sovuq ssenariysida gaz omborlari yanvar oyidayoq keskin kamayib, fevral boshiga borib butunlay bo‘shab qolishi mumkin.
INES rahbari Sebastian Xaynerman ham omborlarning 77 foizga to‘ldirilishi o‘ta past harorat sharoitida yetarli emasligini aytgan. Shu bilan birga, iliq yoki odatiy sovuq qishda bu miqdordagi zaxira yetarli bo‘lishi kutilmoqda.
INES Germaniyadagi tabiiy gaz va vodorod omborlari operatorlarini birlashtiradi. Tashkilot maʼlumotiga ko‘ra, uning 17 ta aʼzosi mamlakatdagi gaz saqlash quvvatlarining 90 foizdan ortiq qismini qamrab oladi.
Germaniya gaz omborlarining avvalgi yillarga nisbatan past darajada to‘ldirilayotgani bir necha oydan beri muhokama qilinmoqda. INES bu holatni, avvalo, bozordagi iqtisodiy sharoit bilan izohlamoqda.

