Germaniyada jazirama sabab 14 mingga yaqin odam vafot etdi

Germaniyada 6-apreldan 9-avgustgacha bo‘lgan davrda jazirama tufayli qariyb 14 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Deutsche Welle Robert Kox institutining hisobotiga tayanib xabar berdi.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu baho ehtiyotkorlik bilan qilingan bo‘lib, haqiqiy raqamlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har 100 ming aholiga 17 ta o‘lim holati to‘g‘ri kelgan, bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, 2018-yilda jazirama sabab 8 900 kishi vafot etgan edi.
**Anomal issiqlik davridagi eng zaif qatlamlar**
Yuqori havo harorati eng ko‘p 85 yoshdan oshganlarga ta’sir ko‘rsatgan, bu yosh guruhida 7 040 kishi vafot etgan. 75–84 yoshdagilar orasida taxminan 3 450 ta, 65–74 yoshdagilar orasida esa 2 170 ta o‘lim holatlari qayd etilgan. Shuningdek, 65 yoshgacha bo‘lganlar orasida 1 320 ta o‘lim kuzatilgan.
O‘lim ko‘rsatkichi erkaklarga nisbatan ayollar orasida yuqori bo‘lgan, ammo bu keksa yoshdagi ayollar ulushining ko‘pligi bilan izohlanadi.
Ko‘pincha o‘limlar bevosita issiq havo bilan bog‘liq deb ro‘yxatga olinmaydi, chunki o‘lim haqidagi guvohnomalarda, masalan, a’zolarning ishdan chiqishi sabab qilib ko‘rsatiladi. Aksariyat hollarda yuqori harorat va yurak-qon tomir, o‘pka hamda buyrakka aloqador mavjud kasalliklarning birgalikda kelishi o‘limga olib keladi.
**Hududlar bo‘yicha yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari**
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ekstremal yuqori harorat Saar va Reynland-Pfals federal yerlari aholisiga eng qattiq ta’sir ko‘rsatgan. U yerda har 100 ming kishiga mos ravishda 46 va 42 kishi issiqdan vafot etgan. Gessen va Baden-Vyurtembergda esa bu ko‘rsatkichlar biroz pastroq bo‘lib, 31 va 28 kishini tashkil qilgan.
Germaniya sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax anomal issiq oqibatlariga qarshi kurash choralarini kuchaytirishga chaqirgan. U mamlakat bo‘ylab issiqlik masalalari bo‘yicha axborot portallari va ishonch telefonlarini ishga tushirishni taklif qilgan.
Bu yilgi yoz ko‘plab davlatlarda jazirama issiq bilan kechdi. Qozog‘istonning bir nechta hududida harorat rekordlari yangilandi, Chimkentda esa 111 yillik rekord qayd etildi. Yevropada suv sathi pasaydi, ayniqsa, Reyn va Dunay daryolari qurg‘oqchilikdan jiddiy zarar ko‘rdi. Bu Ruminiya va Vengriyada AES faoliyatining to‘xtatilishiga olib keldi. Shuningdek, Avstraliya va Slovakiya tarixidagi eng issiq kun kuzatildi. Janubiy Koreyada esa 122 yillik harorat rekordi o‘rnatildi.

