Germaniyada benzin bir soatda arzonlashdi
Germaniyada yonilgʻiga soliq imtiyozlari qayta joriy etilishi ortidan benzinning oʻrtacha narxi bir soat ichida 10–11 sentga pasaydi. Mamlakat boʻyicha oʻrtacha narx litriga 2 yevrodan tushgan, biroq barcha hududlarda ham bunday arzonlashish kuzatilmagan.

Germaniyada benzin bir soat ichida arzonlashdi
DW nashri dpa agentligiga tayanib xabar berishicha, Germaniyada «yonilgʻi chegirmasi» — Tankrabatt 1-oktabrga oʻtar kechasi kuchga kirgan.
Tankkönig portalining maʼlumotlariga koʻra, 30-sentabr soat 23:41 dan 1-oktabr soat 00:41 gacha benzinning mamlakat boʻyicha oʻrtacha narxi litriga 10–11 sentga pasaygan. 1-oktabr ertalab ham avvalgi haftalardagi narxlarga nisbatan deyarli shu farq saqlanib qolgan.
Germaniya avtomobil klubi — ADAC maʼlumotiga koʻra, koʻplab yonilgʻi quyish shoxobchalarida eng arzon benzin turi — Super-E10 narxi litriga 2 yevrodan pastlagan.
Shu bilan birga, hududlar orasida tafovut bor. Myunxen, Shtutgart va Leypsigda bunday narx juda koʻp shoxobchalarda kuzatilgan, Berlinda esa koʻplab shoxobchalarda qayd etilgan. Gamburgda benzinni 2 yevrodan arzon narxda faqat ayrim shoxobchalardan topish mumkin boʻlgan.
Kyolnda esa 1-oktabr ertalab holatiga benzin narxi 2 yevrodan tushgan birorta shoxobcha qayd etilmagan. Shunga qaramay, Tankkönig kuzatuvlarida mamlakat boʻyicha oʻrtacha narx 2 yevrodan ancha past boʻlgan.
Litriga 16,7 sentlik soliq yengilligi 1-oktabr soat 00:00 dan boshlab omborlar va neftni qayta ishlash zavodlaridan chiqarilgan benzin hamda dizel yonilgʻisiga qoʻllaniladi.
Biroq bu chakana narxlar aynan 16,7 sentga tushishi kafolatlanganini anglatmaydi. Yonilgʻi quyish shoxobchalari narxni bevosita shunchaga kamaytirishga majbur emas.
«Bu chegirma isteʼmolchilarga toʻliq hajmda yetib boradimi-yoʻqmi, yaqin kunlarda maʼlum boʻladi», - deya qayd etgan dpa.
Hukumat ushbu chorani benzin va dizel narxlarining keskin oshishiga javoban qabul qilgan. Agentlikka koʻra, sentabr yonilgʻi narxlari boʻyicha boshqa oylardan ancha qimmat boʻlgan va bu umumiy inflyatsiya darajasiga ham taʼsir qilgan.
Hukumat chorasi tanqidchilari chegirmaning amaldagi aniq hajmini hisoblash qiyinligini aytmoqda. Ularning fikricha, bunday yengilliklar avtomobil egalarining yonilgʻini tejashga qiziqishini kamaytiradi, soliq pasayishidan keladigan foyda esa isteʼmolchilarga toʻliq yetib bormaydi.

