Germaniyada 105 yoshli shaxs natsistlarning harbiy asirlar lagerida sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha tergov qilinmoqda
Gumonlanuvchi oʻn minglab sovet harbiy asirlari halok boʻlgan «Shtalag 326» (Stalag 326) lageridagi qotilliklarga sherik boʻlganlikda ayblanmoqda.

Germaniyada 105 yoshli shaxs natsistlarning harbiy asirlar lagerida sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha tergov qilinmoqda
Zennedagi «Stalag 326» lagerida oʻttiz ming rus harbiy asiri dafn etilgan
Germaniya prokuraturasi Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlarning harbiy asirlar lagerida koʻplab qotilliklarga sherik boʻlganlikda ayblanayotgan 105 yoshli erkakka nisbatan tergov olib bormoqda.
U Germaniya shimoli-gʻarbidagi Zenne shahrida joylashgan «Stalag 326 VI K» lagerida soqchi boʻlib xizmat qilganlikda gumon qilinmoqda.
Dortmund prokurori Sonya Frodermann oʻz bayonotida Zennedagi yana bir sobiq lager soqchisiga nisbatan ham shunga oʻxshash ish olib borilganini maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, ushbu gumonlanuvchi bir necha oy avval 99 yoshida vafot etgan.
Ikki sobiq soqchi haqida qoʻshimcha tafsilotlar oshkor etilmagan, biroq bu holatlar prokurorlar natsistlar davridagi jinoyatlarni tergov qilishda duch kelayotgan qiyinchiliklarni koʻrsatadi, chunki qolgan gumonlanuvchilarning aksariyati allaqachon vafot etgan.
Ikkinchi jahon urushi davrida Sovet Qizil armiyasining 5,3 milliondan ortiq askari Germaniyada asirlikda ushlab turilgan va ularning yarmi halok boʻlgan deb ishoniladi. Omon qolganlarning koʻpchiligi vataniga qaytganidan keyin xoin sifatida qabul qilingan.
Zennedagi harbiy asirlar lageri yoki «Stalag» eng yiriklaridan biri boʻlgan.
Yodgorlik majmuasi maʼlumotlariga koʻra, 1941 va 1945 yillar oraligʻida natsistlar Germaniyasiga olib kelingan har uch sovet harbiy asiridan biri Zenne majmuasi orqali oʻtgan va ular koʻpincha keng mintaqada majburiy mehnatga jalb qilingan.
«Stalag»dagi sharoitlar dahshatli boʻlib, asirlar vahshiyona munosabat va toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekkan.
U yerda roʻyxatga olingan 180 000–200 000 sovet harbiy asirlaridan koʻpchiligi halok boʻlgan va oʻn minglab odamlar shu yerda dafn etilgan. Zenneda Frantsiya, Polsha, Serbiya va Belgiyadan boʻlgan harbiy asirlar ham saqlangan.
1945 yilda lager ozod qilinganda 9 000 dan ortiq rus harbiy asiri tirik boʻlgan.
Prokurorning taʼkidlashicha, 105 yoshli shaxsga nisbatan tergov hali ham davom etmoqda va koʻplab qotilliklarga sheriklik ayblovi uning «Stalag 326»dagi faoliyati bilan bogʻliq.
Germaniyada 1979 yildan beri qotillik yoki qotillikka sheriklik jinoyatlari uchun daʼvo muddati mavjud emas, bu esa natsistlar davridagi jinoyatlarni taʼqib qilish imkonini beradi.
«Xemer Stalag VI A» lagerining yana bir yuz yoshli soqchisi ham tergov qilinayotgani aytilmoqda.
Shunga qaramay, urushdan 80 yildan koʻproq vaqt oʻtgach, jinoyatchilarni javobgarlikka tortish nihoyatda qiyinlashgan.
Toʻrt yil avval Zaksenxauzen kontslagerining 101 yoshli soqchisi qotillikka sheriklik uchun besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Yozef Shyuts sudlangan eng keksa natsist jinoyatchisi boʻldi.
U qamoq jazosini oʻtamadi va 2023 yilda hukm ustidan apellyatsiya berish jarayonida vafot etdi.
Natsistlar kontslagerining sobiq kotibasi 2022 yilda qotillikka sheriklikda aybdor deb topilib, shartli qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U oʻtgan yili 99 yoshida vafot etdi.
Natsistlar jinoyatlarini taʼqib qilish gʻarbdagi Dortmund shahri prokuraturasi tomonidan amalga oshirilsa-da, ishlar dastlab janubi-gʻarbdagi Lyudvigsburg shahrida joylashgan Natsistlar jinoyatlarini tergov qilish markaziy idorasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

