Germaniya armiyasi 13 yillik rekord qayd etdi
Germaniya Qurolli kuchlari - Bundesverda harbiy xizmatchilar soni 2026-yil iyul oyi oxirida 186,7 ming kishiga yetdi. Bu so‘nggi 13 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Germaniya hukumati 2035-yilga borib amaldagi harbiylar sonini 255–270 ming nafarga, rezervchilarni esa 200 ming nafarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Germaniya Qurolli Kuchlari so‘nggi 13 yildagi eng yuqori harbiy xizmatchilar sonini qayd etdi. Germaniya Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyul oyi oxirida Bundesver safida 186 700 nafar harbiy xizmat qilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yil iyul oyiga nisbatan 3700 nafarga yoki 2 foizdan ko‘proqqa oshgan. Vazirlikning ta’kidlashicha, harbiylar soni 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida bormoqda.
Reuters xabariga ko‘ra, iyul oyi Bundesverda an’anaviy ravishda yangi ofitserlarni xizmatga qabul qilishning asosiy oylaridan biri hisoblanadi. Biroq bu yilgi o‘sishga Germaniyada harbiy xizmat bo‘yicha yangi qonunning kuchga kirishi ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
2026-yil boshidan Germaniyada 18 yoshga to‘lgan fuqarolarga olti oylik ko‘ngilli harbiy xizmatni o‘tash istagi bor-yo‘qligi haqida maxsus xat va so‘rovnoma yuborish tizimi ishga tushirildi. Yigitlar ushbu anketani to‘ldirib, qaytarishi shart, qizlar uchun esa so‘rovnomaga javob berish ixtiyoriy hisoblanadi.
Germaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha taxminan 378 ming nafar yoshga bunday xatlar yuborilgan. Iyul oyining o‘zida ularning qariyb 2630 nafari harbiy xizmatga yaroqliligini baholash jarayonidan o‘tgan. Bu iyun oyiga nisbatan 35 foizga ko‘p.
Ayni paytda yangi tizim doirasida Bundesver safida qariyb 12 100 nafar ko‘ngilli va qisqa muddatli kontrakt asosidagi harbiy xizmatchi xizmat qilmoqda. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan taxminan 6 foiz yuqori.
Germaniya Mudofaa vazirligi kontrakt asosida harbiy xizmat o‘tash istagini bildirganlar sonida ham sezilarli o‘sish qayd etgan. Xususan, 2026-yil iyul oyida 47 300 kishi tegishli ariza topshirgan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 26 foizga ko‘p.
Iyul oyi oxiri holatiga Bundesver safiga qabul qilingan yangi harbiylar soni 15 400 nafarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 12 foizlik o‘sish demakdir.
Yangi qonun hozircha harbiy xizmatning ko‘ngilli shakliga ustuvorlik beradi. Biroq Germaniya hukumati va Bundesver oldiga ancha katta maqsad qo‘yilgan. AFP ma’lumotiga ko‘ra, 2035-yilgacha Germaniyada amaldagi harbiy xizmatchilar sonini 255–270 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakat qariyb 200 ming nafar rezervchi tayyorlashni maqsad qilgan. Shunday qilib, yuqori chegarada Bundesverning faol harbiylari va rezervchilari umumiy soni 470 ming nafarga yetishi mumkin.
Agar Germaniya armiyani zarur miqdordagi harbiylar bilan ko‘ngilli asosda ta’minlay olmasa, hukumat majburiy harbiy xizmatni joriy etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishi mumkin.

