Gemoglobinni qanday oshirish mumkin va bu nima uchun kerak?

Gemoglobinni qanday oshirish mumkin va buning ahamiyati nimada?
Gemoglobin darajasining pasayishi surunkali charchoq, tez-tez shamollash va umumiy holsizlik kabi holatlarga olib keladi. Ana shunday yoqimsiz belgilar va kasalliklarning oldini olish uchun gemoglobin miqdorini oshirish tavsiya etiladi.
Gemoglobin — qizil qon tanachalari tarkibidagi asosiy oqsil bo‘lib, u organizm bo‘ylab kislorod tashish vazifasini bajaradi. Uning tarkibining 80% gacha qismi temirdan iborat. Kislorod qon oqimi orqali tanadagi barcha to‘qima va a’zolarning yaxshi ishlashiga yordam beradi.
Gemoglobin miqdori kamayganining belgilari
Anemiya va past gemoglobin alomatlari surunkali charchoq belgilariga juda o‘xshaydi. Har kuni tinimsiz ishlash, kunlarning juda tez o‘tib ketishi, sog‘liq haqida o‘ylashga vaqt topa olmaslik — bularning barchasi, afsuski, ko‘pchiligimizga tanish. Ammo doimiy charchoq shahar hayotining salbiy ta’siridan emas, balki qondagi gemoglobinning keskin tushib ketganidan ham darak berishi mumkin.
Doimiy bosh og‘rig‘i ham qizil qon tanachalari kamayishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunday vaziyatda og‘riq qoldiruvchi dorilar yaxshi ta’sir qilmaydi, migren kuchayadi, qon bosimi esa pasayib ketadi. Gemoglobin tushganda qo‘l-oyoqlar sovuq qotadi, yuz oqaradi va teri quriy boshlaydi.
Gemoglobin miqdori pasayishining sabablari
Shamollash yoki gripp kabi kasalliklarda gemoglobin miqdori tabiiy ravishda kamayadi, biroq sog‘aygandan keyin organizmdagi barcha ko‘rsatkichlar avvalgi holatiga qaytadi. Ammo surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarda buning aksi kuzatiladi va shamollashdan keyin ham gemoglobin normaga kelmaydi. Ayniqsa, ayollar, keksa odamlar, buyrak, o‘pka va jigar kasalliklari bor shaxslarda kamqonlik rivojlanish ehtimoli juda yuqori.
Bundan tashqari, turli parhezlar, temir va oqsilga boy ovqatlarni cheklash ham gemoglobin kamayishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, vegetarianlarda kamqonlik keng tarqalgan holatdir.
Kamqonlik va gemoglobin pasayishining yana bir, ammo kam uchraydigan sababi stress bo‘lib, asab tizimining haddan tashqari zo‘riqishi kamqonlik rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Gemoglobinni oshirish yo‘llari
Temir jigar, buyrak yoki til kabi mahsulotlarda, grechka, no‘xat, loviya, chernika, shokolad va oq qo‘ziqorinlarda ko‘p uchraydi. Ushbu mahsulotlarning 100 grammida 4 mg temir mavjud.
Shuningdek, 100 gramm quyon, mol, qo‘y va ot go‘shtida 2-4 mg temir bo‘ladi. Arpa, manniy yormasi, perlovka va guruch kabi don mahsulotlarida ham temir mavjud.
Biroq taomnoma o‘zgartirish orqali kundalik temir ehtiyojini to‘liq qoplab bo‘lmaydi. Buning uchun temirning so‘rilishiga to‘sqinlik qiladigan modda — kalsiyni cheklash kerak. Masalan, sut va turli sut mahsulotlari, achchiq qora choy hamda qahvadan vaqtincha voz kechish lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, un mahsulotlari iste’molini kamaytirish kerak, chunki bug‘doy tanada temirning so‘rilishiga imkon bermaydi.

