Qon bosimini tushirishga yordam beruvchi 7 ta foydali odat

Qon bosimini pasaytirishga yordam beruvchi 7 ta samarali odat
Gipertoniya bejizga "ko‘rinmas qotil" deb atalmaydi. Ko‘p odamlar uzoq vaqt davomida qon bosimi yuqoriligini bilmasdan yashashi va keyinchalik jiddiy sog‘liq muammolariga duch kelishi mumkin. Bizga zararsiz tuyulgan odatlar asta-sekin yurak kasalliklarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Agar qon bosimi o‘lchagich 120/80 dan yuqori ko‘rsatkichni ko‘rsatsa, quyidagi maslahatlarga amal qilish tavsiya etiladi.
Qon bosimi biroz ko‘tarilganda darhol dori-darmonlarga murojaat qilmaslik uchun turmush tarzingiz va ovqatlanish tartibingizni nazorat qilishga yordam beradigan foydali odatlarni shakllantiring.
**1. Yashirin natriydan ehtiyot bo‘ling**
Agar natriy va osh tuzi bir xil deb o‘ylasangiz, adashasiz. Tuz 60 foiz natriy va 40 foiz xlordan iborat. Natriy boshqa oziq-ovqat mahsulotlarida ham alohida mavjud bo‘lib, har doim ham sho‘r ta’mga ega bo‘lmaydi.
Natriy qon bosimini bevosita oshiruvchi moddadir. Shuning uchun sotib olayotgan barcha mahsulotlarning yorliqlarini o‘qishni odat qiling, bu ortiqcha natriy iste’molining oldini oladi. Masalan, non, pishloq va boshqa sut mahsulotlarining ayrim turlari, tayyor souslar juda ko‘p natriyni o‘z ichiga oladi.
**2. Konservalangan mahsulotlarni cheklang**
Konservalangan mahsulotlarda ham natriy ko‘p bo‘ladi, chunki tuz konservantlarning asosini tashkil qiladi. Konservalangan loviya, sabzavot yoki go‘sht mahsulotlarini kamdan-kam hollarda xarid qiling. Yuvib bo‘lmaydigan bunday oziq-ovqatlarni yashil sabzavotlar bilan birga iste’mol qiling.
**3. Tuz o‘rnini bosuvchi boshqa mahsulotlarni sinab ko‘ring**
Oddiy osh tuzi o‘rnini bosuvchi boshqa turdagi tuzlar mavjud. Ular juda mazali va foydali hamdir. Masalan, dengiz o‘tlari tuzi: kelp, laminariya va gomasio kabilar shular jumlasidandir. Bunday tuzlar ovqat uchun foydali ziravor sifatida ishlatiladi va tarkibida natriy miqdori juda pastligi hamda ekzotik ta’mi bilan ajralib turadi.
**4. Ko‘proq ziravorlar va ko‘katlar iste’mol qiling**
Turli ko‘katlar va ziravorlardan foydalanish ham osh tuzidan kamroq foydalanish imkonini beradi. Sarimsoq, oddiy piyoz, limon sharbati, quritilgan ko‘katlar kukunidan tajriba qilib ko‘rishingiz mumkin.
**5. O‘simlik tolalariga boy meva va sabzavotlarni unutmang**
Yasmiq, loviya, turli donlar, meva va sabzavotlar, qisqasi, o‘simlik tolalariga boy bo‘lgan barcha mahsulotlar qon bosimini pasaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, ular turli mikroelementlar va antioksidantlar orqali ham yurak-qon tomir salomatligini mo‘tadil saqlashga yordam beradi.
**6. Ko‘chada tayyorlangan taomlarni kamroq tanovul qiling**
Hech kimga sir emaski, biz natriyni ikkita asosiy manbadan: qayta ishlangan oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish joylaridan olamiz. Shu sababli iste’mol qilinadigan natriy miqdorini keskin kamaytirishning eng samarali usuli bu uy sharoitida tayyorlangan taomlarga urg‘u berishdir. Ish joyingizga uyda o‘zingiz pishirgan taomni tushlik uchun olib borish ham yaxshi odatdir.

