GCF Özbekiston ekologiyasi uçun 103,7 mln yevro ajratadi
Yaşil iqlim jamğarmasi (Green Climate Fund - GCF) Kengaşi umumiy qiymati 264,4 million yevro bölgan “Markaziy Osiyoda iqlim özgarişiga çidamli landşaftlar” (CLiCA) mintaqaviy dasturini maʼqulladi. Dastur doirasida Özbekiston 103,7 million yevro miqdorida mablağ oladi.

GCF Oʻzbekiston ekologiyasi uchun 103,7 mln yevro ajratadi
Ushbu mablagʻlar oʻrmonlar va yaylovlarni tiklash, qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga chidamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, fermerlarning iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashishi uchun zarur moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yoʻnaltiriladi.
Dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Dasturning Oʻzbekistonda kutilayotgan natijalari:
342 ming nafar aholining iqlim xavflariga chidamliligini oshirish (ularning qariyb yarmini ayollar tashkil etadi);
164 ming gektar oʻrmon, yaylov va qishloq xoʻjaligi yerlarida iqlim oʻzgarishiga chidamli boshqaruv usullarini joriy etish; issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish va ularning yutilishini oshirish orqali 1,07 million tonna CO₂ ekvivalentidagi natijaga erishish.
CLiCA dasturining amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy ekologik va iqlim muammolarini hal etish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish imkonini beradi. Bunda tabiiy ekotizimlarni saqlash, yer resurslaridan barqaror foydalanish va iqlim oʻzgarishi oqibatlariga eng zaif mahalliy hamjamiyatlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
“Ushbu dasturning maʼqullanishi yanada barqaror hamjamiyatlar va landshaftlarni shakllantirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston va Oʻzbekistondagi hamkorlarimiz bilan birgalikda umumiy maqsadimizni Markaziy Osiyo aholisi va tabiati uchun uzoq muddatli natijaga aylantirishni koʻzlayapmiz”, – dedi GIZ vakillari.
Ekologiya qoʻmitasining qayd etishicha, CLiCA dasturi Oʻzbekistonning iqlim sohasidagi ustuvor vazifalarini amalga oshirishga xizmat qiluvchi qoʻshimcha vositaga aylanadi. Jumladan, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim oʻzgarishiga chidamli qishloq xoʻjaligini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

