Markaziy Osiyoda iqlimga bardoshli landshaftlar mintaqaviy dasturi ishlab chiqilmoqda
O‘zbekiston, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikistonda amalga oshiriladigan Markaziy Osiyoda iqlimga bardoshli landshaftlar (Climate-resilient Landscapes in

Markaziy Osiyoda iqlimga bardoshli landshaftlar bo‘yicha mintaqaviy dastur ishlab chiqilmoqda
O‘zbekiston, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoda iqlimga bardoshli landshaftlar (Climate-resilient Landscapes in Central Asia – CLiCA) mintaqaviy dasturi tayyorlanmoqda.
Mazkur dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan Yashil iqlim jamg‘armasi (GCF)ning moliyaviy ko‘magini jalb etish maqsadida milliy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda. U qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va boshqa yerdan foydalanish (AFOLU) sohalarining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish hamda issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekistonda dastur doirasidagi ishlar, xususan, Farg‘ona vodiysi va Surxondaryo viloyati hududlarini qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Dastur doirasida iqlimga oid ma’lumotlardan yer resurslaridan foydalanishni rejalashtirish va investitsiyalarni jalb etish jarayonlarida foydalanish, barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish, yaylov va o‘rmonlarni tiklash, qishloq hududlaridagi kichik va o‘rta biznesning iqlimli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat tashkilotlari va yer resurslaridan foydalanuvchilarning salohiyatini oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, dastur transchegaraviy hamkorlikni, bilim va tajriba almashinuvini hamda mintaqaviy investitsiyalarni muvofiqlashtirishni kuchaytirishga hissa qo‘shadi. Dastur GIZ tomonidan uch mamlakatdagi sohaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha milliy hamkor tashkilot sifatida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ishtirok etadi.
Dasturni Yashil Iqlim Jamg‘armasi, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) mablag‘lari hamda ishtirokchi davlatlarning hissalari hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

