Dunyo

Gaz qimmatlashishi va suv tanqisligi: Moldova favqulodda holatga oʻtdi

Moldovada 26-sentabrdan energetika va gidrologiya sohalarida 60 kunlik favqulodda holat joriy etildi. Hukumat qarorini parlament maʼqulladi. Rasmiylar bu chorani gaz narxining oshishi, yoqilgʻi tanqisligi xavfi va Dnestr havzasida suv sathining keskin pasayishi bilan izohlamoqda.

Gaz narxining oshishi va suv tanqisligi sabab Moldova favqulodda holat joriy etdi

DW ma’lumotiga ko‘ra, Moldova bosh vaziri Vasile Tofan qish yaqinlashar ekan, uchta mintaqaviy inqiroz bir vaqtning o‘zida ta’sir ko‘rsatib, vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkinligini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi holat tufayli gaz narxi amaldagi tarif hisob-kitobiga kiritilgan qiymatdan 50 foizga oshib ketgan. Yaqin Sharqda neftni qayta ishlash quvvatlarining qisqarishi esa yonilg‘i taqchilligi xavfini kuchaytirmoqda. Moldova bunday muammoga joriy yil iyul oyida ham duch kelgan.

Shu bilan birga, 700 ming aholi yashaydigan Kishinyov aglomeratsiyasini suv bilan ta’minlaydigan Dnestr havzasida suv sathi xavfli darajaga tushib ketgan.

Hukumat qaroridan oldin, 21-sentabr kuni prezident Mayya Sandu raisligida Oliy milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda kutilmagan vaziyatlarda tezkor choralar ko‘rish uchun harakatlar rejasi tayyorlash topshirilgan.

Favqulodda holat Inqirozlarni boshqarish milliy komissiyasiga uskunalarni tendersiz tezkor xarid qilish, energiya resurslarining importi, eksporti va taqsimoti bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan vaqtinchalik qarorlar qabul qilish huquqini beradi.

Komissiya elektr ta’minotida ustuvor yo‘nalishlarni belgilashi va suv iste’molini cheklashi mumkin. Narxlar keskin oshsa, tariflar, soliqlar va aksizlarga oid qoidalarni vaqtincha o‘zgartirish vakolati ham berilgan.

Rossiyaga moyil muxolifatdagi Sotsialistlar partiyasi favqulodda holatga qarshi chiqdi. Partiya fraksiyasi rahbari, sobiq prezident Igor Dodon hukumatni ushbu rejim orqali maxfiy shartnomalar tuzish va shaffof bo‘lmagan sxemalarni amalga oshirishga urinishda ayblagan.

Nashr yozishicha, favqulodda holat davrida partiya avvalroq e’lon qilgan norozilik namoyishlarini o‘tkazish ham taqiqlanadi. Sotsialistlar muqobil energiya yetkazib beruvchilar, avvalo, Rossiya bilan zudlik bilan muzokara boshlashni taklif qilgan.

Energetika eksperti Sergey Tofilat bu taklifni populizm deb atagan. Uning fikricha, «Gazprom»ning Moldovaga gaz yetkazib berish uchun texnik imkoniyati yo‘q: amaldagi yagona real yo‘nalish — «Turk oqimi» quvvatlari mavjud shartnomalar bilan to‘liq band.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.