“Urush oqibatlari chegara bilmaydi”. Isroil G‘azodagi kanalizatsiya tizimini vayron qilgani sabab o‘zi suv tanqisligiga duch keldi

“Urush oqibatlari chegara bilmaydi”. Isroil G‘azodagi kanalizatsiya tizimini vayron qilgani tufayli o‘zi suv tanqisligiga yuz tutdi
G‘azo sektoridagi oqova suv infratuzilmasi vayron bo‘lgani sabab dengizga tozalanmagan kanalizatsiya suvlari oqib tushmoqda. Natijada mikro suvo‘tlar keskin ko‘paydi va Isroildagi suvni chuchuklashtirish zavodlari faoliyati izdan chiqdi. Shu bois mamlakat suv tanqisligiga duch kelmoqda.
“Urush oqibatlari chegara bilmaydi”, dedi Falastindagi ekologik tashkilot EcoPeace Middle East direktori Nada Majdalani.
Mutaxassislar G‘azo kanalizatsiyasidan chiqqan tozalanmagan suv tarkibidagi moddalar suv o‘tlarini oziqlantirib, ularning ko‘payishiga sabab bo‘lganini aytmoqda.
Dengizdagi suvo‘tlari Isroilning oltita asosiy suvni chuchuklashtirish zavodidan beshtasidagi filtrlarni tiqiltirib qo‘ygan. Shu sabab korxonalar bir necha kun ishlamay qoldi va hozir cheklangan quvvatda faoliyat yuritmoqda.
Ben-Gurion universiteti professori Jek Gilronning aytishicha, bu holat Isroilning ichimlik suvi manbalariga tahdidlar qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatdi. Rasmiylar aholiga suvni tejashni tavsiya qilmoqda, fermerlarga esa ekinlarni sug‘orish taqiqlangan. Bu oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin.
Xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil 7-oktyabrdan beri Isroil hujumlari G‘azodagi suv va sanitariya infratuzilmasining 90 foizini vayron qilgan. Quduqlar, suv quvurlari va tozalash inshootlari ishdan chiqqan.
G‘azodagi suv xo‘jaligi vakili Omar Shatatning aytishicha, hududdagi barcha 5 ta oqova suv tozalash inshooti to‘xtagan. Natijada har kuni 45 ming kub metr tozalanmagan kanalizatsiya suvi O‘rta Yer dengiziga oqmoqda, yana 15 ming kub metri esa yerosti suvlariga aralashmoqda.
Suv va kanalizatsiya tizimining izdan chiqishi G‘azoda oshqozon-ichak va teri kasalliklari hamda A gepatitining tarqalishiga sabab bo‘ldi. Aholi chodirlar va ko‘chalarda oqayotgan oqova suvlar qurshovida yashashga majbur.
Bundan tashqari, G‘azoda kalamushlar ham ko‘payib ketgan. Bu muammo Isroilning chegara hududlariga ham tarqalib, aholi xonadonlariga kemiruvchilar yopirilmoqda. EcoPeace Middle East tashkiloti ekspertlari bu holat butun mintaqa uchun katta ekologik va tibbiy fojiaga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

