Vengriya bosh vaziri mamlakatda Ukraina uchun neft ombori qurilishiga qarshi chiqdi

Vengriya bosh vaziri mamlakatda Ukraina uchun neft ombori qurilishiga qarshi chiqdi
Vengriya bosh vaziri Peter Madyar mamlakat hududida Ukraina uchun neft ombori barpo etilishiga qarshi ekanini bildirdi.
Qurilish bo‘yicha memorandum sentyabr oyida Ukrainaning “Naftogaz” va Vengriyaning “MOL” kompaniyalari o‘rtasida imzolangan edi. Madyar 21-sentyabr kuni parlamentdagi chiqishida, agar uning “Tisa” partiyasi hokimiyatda bo‘lsa, bunday qurilishga yo‘l qo‘yilmasligini aytdi. Bosh vazir “MOL” rahbariyatiga o‘z pozitsiyasini ma’lum qilib, davlat ushbu kompaniyada 25 foiz ulushga egaligini ham eslatdi.
“MOL” bilan memorandum imzolanganini 20-sentyabr kuni “Naftogaz” rahbari Sergey Fedorenko ma’lum qilgan edi. Bitim Karpat iqtisodiy forumi doirasida tuzilgan. U Vengriya-Ukraina chegarasi yaqinida Ukraina ehtiyojlari uchun omborxona qurishni nazarda tutadi.
Vengriya rasmiylari hukumat “MOL” kompaniyasining ombor qurish bo‘yicha muzokaralariga ruxsat bermaganini aytdi. Kompaniya esa bu faqat dastlabki kelishuv ekanini va loyihani tayyorlash jarayoni yillar davom etishini ta’kidladi. Shuningdek, “MOL” Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari va ittifoqqa a’zo bo‘lmagan mamlakatlar manfaatlari uchun Vengriyada neft saqlash bilan shug‘ullanishini eslatdi.

