Mahalliy

FVV Chorvoq suv omborida choʻkib ketganlarni qidirish ishlari haqida maʼlumot berdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Chorvoq suv omborida choʻkib ketgan uch kishining (ota va uning ikki oʻgʻli) jasadini qidirish boʻyicha olib borilayotgan operatsiya jarayoni haqida maʼlumot berdi. Qidiruv ishlariga beshta qutqaruv otryadi jalb etilgan. Suvda yettita qutqaruv brigadasi ishlamoqda. Sirdaryo va Jizzaxdan qutqaruvchilar chaqirilgan. Video.

FVV Chorvoq suv omborida choʻkib ketganlarni qidirish ishlari haqida maʼlumot berdi

Oʻzbekiston FVV matbuot kotibi Murod Sodiqov Chorvoq suv omborida choʻkib ketgan bir oilaning uch aʼzosi jasadini qidirish boʻyicha olib borilayotgan operatsiya tafsilotlarini maʼlum qildi.

Fojia 2 sentyabr kuni yuz bergan. Oʻsha kunning oʻzidayoq ishga FVV kuch va vositalari, qutqaruvchilar, gʻavvoslar va maxsus texnikalar jalb etilib, shtab tashkil etilgan va qidiruv ishlari uzluksiz davom etmoqda.

Murod Sodiqov (oʻngda) va Rustam Boʻriyev.

Qutqaruv otryadi komandiri Rustam Boʻriyevning maʼlum qilishicha, uch kishi — ota va uning ikki oʻgʻli choʻkib ketgani haqidagi xabar 112 raqamiga kelib tushgan.

Uning soʻzlariga koʻra, oila suv omborida sayr qilish uchun kater ijaraga olgan. Kater haydovchisidan tashqari bortda er-xotin, shuningdek, ularning qizi va ikki oʻgʻli boʻlgan.

Suratga tushish uchun toʻxtagan vaqtda oʻgʻillardan biri choʻmilishga qaror qilgan. U qutqaruv nimchasini kiymagan. Shamol boʻlgan, suvda toʻlqinlar kuzatilgan. Yigitning oyogʻi tortishib qolgan. Uning ortidan suvga otasi, keyin esa ikkinchi oʻgʻli sakragan.

Kater haydovchisi ularning uchchalasini ham qutqarishga harakat qilgan, biroq buning uddasidan chiqa olmagan. «Hammasi juda tez sodir boʻldi», — dedi qutqaruvchi.

Qutqaruv operatsiyasiga beshta qutqaruv otryadi jalb etilgan. Suvda yettita qutqaruv brigadasi ishlamoqda. Vazir topshirigʻiga koʻra, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan ham otryadlar safarbar etilgan.

Shtabda FVV va boshqa xizmatlar vakillari faoliyat yuritmoqda.

Rustam Boʻriyev fuqarolarni belgilanmagan joylarda choʻmilmaslikka chaqirdi. Kater va skuterlarda sayr qilayotganda albatta qutqaruv nimchasini kiyish zarur, yonda esa har doim litsenziyaga ega haydovchi boʻlishi kerak, dedi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.