“Fuqarolarni o‘zlari xohlamagan jarayonlarga jalb qilib, pul olsak, bu xizmat emas” — deputat
Deputat Ilhom Abdullayev davlat xizmatlari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, qonunchilikda xizmatning aniq ta’rifi mavjud bo‘lib, fuqaroni o‘zi istamagan jarayonga jalb qilib, pul undirish — xizmat emas. Jarimalar, fuqarolar badallari hisobiga budjetni to‘ldirish noto‘g‘ri.

“Fuqarolarni o‘zlari istamagan jarayonlarga jalb qilib, pul olsak, bu xizmat emas” — deputat
ICT Week Uzbekistan doirasida o‘tkazilgan “Raqamli davlat: yagona yondashuv, zamonaviy boshqaruv va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar” forumida so‘z olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev davlat xizmatlari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, qonunchilikda xizmatning aniq ta’rifi bor, fuqarolarni o‘zlari xohlamagan jarayonlarga jalb qilib, oxirida pul undirish esa xizmat hisoblanmaydi.
Ilhom Abdullayev davlat xizmatlarini raqamlashtirishda sifatni oshirish va bu yo‘nalishda rivojlanish uchun muhim deb bilgan jihatlar haqida ham to‘xtaldi. Xususan, u bugungi kunda 1000 dan ortiq davlat xizmati raqamli shaklda mavjudligini, biroq ularning qanchalik muvozanatli ekani va bu xizmatlar haqiqatan ham xizmat sanaladimi-yo‘qmi, degan savol ochiqligicha qolayotganini qayd etdi.
“Fuqarolik kodeksida xizmat tushunchasi mavjud: xizmat — bu aniq bitta ariza beruvchining so‘roviga binoan amalga oshiriladigan ish. Siz kelib: „Menga mana bu ishni qilib berishingizni xohlayman“, desangiz, bu xizmat bo‘ladi. Lekin biz fuqarolarni qandaydir me’yoriy hujjat yoki qonun bilan o‘zlari xohlamagan jarayonlarga jalb qilib, oxirida undan pul olib, „Mana, sizga qanday ajoyib xizmat ko‘rsatdik“ desak, bu xizmat emas”, — dedi u.
Shu o‘rinda Abdullayev servis va xizmatni bir-biridan ajratishni taklif qildi.
“Biz fuqarolarimizga bepul yoki faqat unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash asosida taqdim etishimiz shart bo‘lgan davlat servislari mavjud. Xizmatga kelsak, masalan, kimgadir yer maydoni kerak, kimdir o‘z kompaniyasi qurilishi uchun nimadir olmoqchi — bu hammaga ham kerak emas, bu aynan o‘sha odamga kerak. U ariza beradi, mana shu yerda xizmat paydo bo‘ladi va bu yerda to‘liq ro‘yxat kiritilishi kerak”, — deya tushuntirdi u.
Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik va idoralar tashkil etilganda ularning vazifalari hamda funksiyalari aniq belgilab qo‘yiladi. Bularning barchasi uchun esa budjetdan mablag‘ ajratiladi.
“Qonunchilik palatasi budjetni tasdiqlaganda, davlat muassasalariga pulni shunchaki ajratmaydi, — deya ta’kidladi Abdullayev. — Pul ularga o‘z fuqarolari uchun xizmat ko‘rsatuvchi davlat servisi modelini ishlab chiqishlari uchun beriladi. Bu pullar ushbu davlat organlariga allaqachon ajratib bo‘lingan. Bugun biz — mutaxassislar, texnologik darajada ushbu servislar fuqarolarimiz uchun bepul ishlashini ta’minlashimiz kerak”.
Abdullayevning fikricha, davlat xizmatlari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Raqamlashtirish vazirligi va Adliya vazirligi bu ro‘yxatda haqiqatan ham davlat xizmati darajasiga yetadigan servislarnigina qoldirishi kerak.
“Raqamlashtirishni qayerda qulay bo‘lsa, qayerda oson amalga oshsa, qayerda jarimalar yoki fuqarolar badallari hisobiga xarajatlar qoplansa, o‘sha yerda amalga oshirish kerak emas. Yo‘llarni raqamlashtirish, radarlar o‘rnatish, jarimalar yig‘ish va budjetni to‘ldirish juda oson, lekin bu noto‘g‘ri. Raqamlashtirish fuqarolarga xizmat qilishi kerak”, — deya xulosa qildi Ilhom Abdullayev.

