O‘zbekistonda fuqarolarga davlat organlari ustidan sudga murojaat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi

O‘zbekistonda fuqarolarning davlat organlari ustidan sudga murojaat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi
Shavkat Mirziyoyev maʼmuriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
O‘tgan davrda maʼmuriy sudlar tomonidan qariyb 150 ming ish ko‘rib chiqildi, 70 mingdan ortiq holatda davlat organlarining noqonuniy qarorlari bekor qilindi.
Shuningdek, mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha yuqori turuvchi yoki boshqa vakolatli organlarga 27 mingga yaqin xususiy ajrim chiqarildi.
Bu natijalar maʼmuriy sudlar faoliyati “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida shakllanganini ko‘rsatadi. Ushbu tizim davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini samarali tiklashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Taqdimotda sohani rivojlantirishning keyingi bosqichida ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy talablar asosida 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarining buzilgan huquqlarini tiklash uchun maʼmuriy sudlarga faqat bitta shaklda murojaat qila oladi.
Taklif etilayotgan islohotlar natijasida esa fuqarolarga huquqi buzilishidan oldin uning himoyasini proaktiv tarzda taʼminlash uchun sharoit yaratiladi. Bunda sudga murojaat qilishning to‘rt turdagi daʼvo shaklini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, sudga murojaat qilish uchun belgilangan amaldagi olti oylik muddat qayta ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarga davlat organi tomonidan qonunbuzilish holati sodir etilganligini tan olish yuzasidan sudga muddatsiz murojaat qilish imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Amalda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjati bilan fuqaroning huquqi buzilgan taqdirda bunday hujjat ustidan maʼmuriy sudga shikoyat qilish imkoniyati mavjud emas.
Endilikda fuqarolarga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan bevosita sudga shikoyat qilish huquqini berish taklif etilmoqda.
Shundan kelib chiqib, maʼmuriy sudlarning vakolatlarini kengaytirish, ularga fuqarolar va tadbirkorlarga taʼsir choralarini qo‘llashda davlat organlari diskretsion vakolatlardan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirish vazifasini yuklash nazarda tutilmoqda.
Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini taʼminlashga qaratilgan taʼsirchan choralar ham nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organining mansabdor shaxsiga sud qarorini ijro etmagani uchun jarima qo‘llanilganidan keyin ham qaror takroran ijro etilmasa, sud qonuniy chora ko‘rish uchun prokurorga xabar beradi.
Prezident taklif etilayotgan huquqiy institutlar inson huquqlari qo‘pol buzilgan hollarda ularni sud orqali samarali tiklash, Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipining amalda to‘laqonli ishlashini taʼminlash, davlat idoralari masʼuliyatini oshirish hamda sud qarorlarining muqarrar ijrosiga xizmat qilishi kerakligini taʼkidlab, bildirilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

