Dunyo

Frida Kalodan “Yulduzlar jangi”gacha: Los Anjelesda Jorj Lukasning milliard dollarlik muzeyi qurib bitkazildi

Frida Kalodan “Yulduzlar jangi”gacha: Los-Anjelesda Jorj Lukasning milliard dollarlik muzeyi qurib bitkazildi

Los-Anjelesda “Yulduzlar jangi” filmi muallifi Jorj Lukas va uning rafiqasi Mellodi Hobson tomonidan asos solingan Lukas hikoya san’ati muzeyi (Lucas Museum of Narrative Art) qurilishi yakunlandi. Loyihani ishlab chiqish va qurishga 10 yildan ortiq vaqt sarflandi, uning qiymati esa taxminan bir milliard dollarni tashkil etdi. Muzey qurilishida 150 dan ortiq me’mor, muhandis va dizayner ishtirok etdi.

Binoni MAD Architects byurosi loyihalashtirgan. Dastlab muzeyni Chikagoda qurish rejalashtirilgan edi — birinchi variant 2014-yildayoq taqdim etilgan, biroq keyinchalik loyiha to‘liq qayta ishlanib, Los-Anjelesga ko‘chirilgan. Uni 2021-yilda ochish mo‘ljallangan edi.

Muzey qariyb 5,3 gektarlik jamoat bog‘ining markaziy obyektiga aylandi. Uning zilzilaga chidamli beton va po‘lat karkasi shisha tolali polimer bilan mustahkamlangan 1200 ta panel bilan qoplangan — ularning har biri o‘ziga xos shakl va joylashuvga ega. MAD Architects vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bunday elementlarni zarur aniqlikda tayyorlash imkonini beruvchi texnologiyalar so‘nggi yillardagina paydo bo‘ldi. Ishlab chiqarish jarayonida robotlardan ham, qo‘l mehnatidan ham foydalanilgan.

Binoning asosiy qobig‘ida birorta ham to‘g‘ri chiziq yo‘q. Katta egri korpus yerdan biroz ko‘tarilgan bo‘lib, bu uning ostida yopiq maydon yaratish imkonini bergan. Markaziy po‘lat arka 56 metrga cho‘zilgan, to‘rtinchi qavat balandligida esa tashrif buyuruvchilar osmonni tomosha qilishi mumkin bo‘lgan ellips shaklidagi tirqish mavjud.

Besh qavatli binodan vizual hikoyachilikning qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiga bag‘ishlangan 30 dan ortiq galereya o‘rin olgan. Kolleksiyalardan birida Frida Kaloning avtoportreti, qadimgi Misr sopol buyumlari va “Yulduzlar jangi”ga oid materiallar, jumladan, Lyuk Skayuoker va Dart Veyder o‘rtasidagi jang sahnasi yonma-yon namoyish etilgan. Shuningdek, bino ichida ikkita zamonaviy kinoteatr, taqa shaklidagi kutubxona, o‘quv xonalari, do‘kon va kafe mavjud.

Loyihada ekologik yechimlar ham ko‘zda tutilgan. Majmuaning shimoli-g‘arbida chuqurligi 111 metrdan bo‘lgan 714 ta geotermal quduqdan iborat sovutish tizimiga ulangan katta favvora joylashgan. Tomga quyosh panellari o‘rnatilgan va yashil maydon tashkil etilgan, muzey atrofida esa 300 tup yangi daraxt ekilgan. Bog‘da shuningdek osma bog‘, amfiteatr, maysazor va jamoat joylari ham bor. Mazkur muzey 22-sentyabr kuni tashrif buyuruvchilar uchun rasman ochiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.