Frantsiyada Salvador Dali muqovasi bilan bezatilgan 210 kilogrammlik "Muqaddas Ioann Bogoslov Apokalipsisi" kitobi oʻgʻirlab ketildi

Frantsiyada muzeydan Salvador Dali muqovalagan, vazni 210 kilogramm boʻlgan «Avliyo Ioann Bogoslov Apokalipsisi» kitobi oʻgʻirlab ketildi
Frantsiyaning Issuar shahridagi muzeydan nomaʼlum shaxslar dunyodagi eng ogʻir va eng qimmat kitobning noyob nusxasi — vazni qariyb 210 kilogramm boʻlgan «Avliyo Ioann Bogoslov Apokalipsisi»ni oʻgʻirlab ketishdi. Uning bronzadan ishlangan muqovasi Salvador Dali tomonidan tayyorlangan: u 150 kilogramm tosh bosadi hamda oltin, qimmatbaho toshlar va chigʻanoqlar bilan bezatilgan. Politsiya hozircha bunchalik ogʻir eksponatni qanday qilib sezilarsiz olib chiqib ketishganini tushuna olmayapti.
Oʻgʻrilik yakshanbaga oʻtar kechasi Pyui-de-Dom departamentidagi Zamonaviy sanʼat markazida sodir boʻlgan. Issuar meri bu yoʻqotishni «bebaho» deb atadi, asar egasi esa buni «Frantsiya merosiga berilgan zarba» deb baholadi.
Nashrning oʻzi 1958 yilda frantsuz noshiri Jozef Fore tomonidan oʻylab topilgan. Loyiha ustida XX asrning 14 nafar taniqli rassom va yozuvchilari, jumladan Jan Kokto, Bernar Byuffe va Jan Jiono ishlagan. Dali kitob uchun ulkan bronza muqova yaratgan.
Kitob 150 ta ulkan pergament varaqdan iborat. Uni yaratish uchun 300 ming qoʻy terisidan materiallar saralab olingan, kalligrafik bezatilishiga esa qariyb 2 ming soat vaqt ketgan. Matnda oltindan ishlangan 550 ta harf mavjud.
1961 yildan 1972 yilgacha ushbu asar dunyoning turli mamlakatlarida deyarli 150 marta koʻrgazmaga qoʻyilgan. Keyinchalik u Shveytsariyada saqlangan, soʻngra uni boʻlaklab sotishni rejalashtirgan yaponiyalik egalari qoʻliga oʻtgan. 2003 yilda kitobni Issuardagi sanʼat asarlarini restavratsiya qilish kompaniyasi rahbari Kristian Karutso sotib olgan va uni oʻz muzeyida namoyish etib kelgan.
Oʻgʻrilar 210 kilogrammlik eksponatni aynan qanday qilib olib chiqib ketishgani va umuman muzeyga qanday kirishgani hozircha nomaʼlum. Tergov bilan Klermon-Ferran jandarmeriyasi shugʻullanmoqda.
Bu oʻgʻrilik frantsuz muzeylaridagi navbatdagi shov-shuvli talonchilik boʻldi.
Oʻtgan yili Luvrdan qiymati qariyb 88 million yevrolik Frantsiya toji javohirlari olib chiqib ketilgan edi.
Iyul oyida Lalik muzeyidan qiymati qariyb 4,5 million yevrolik 27 ta eksponat oʻgʻirlandi, oʻsha oyning oʻzida Burgundiyadagi muzeydan malika Viksning qariyb 2,5 ming yillik oltin grivnasi (boʻyin taqinchogʻi) oʻgʻirlab ketildi.
Sentyabr oyida esa ikki nafar jinoyatchi Kan-syur-Merdagi Renuar muzeyiga bostirib kirib, uch daqiqadan kamroq vaqt ichida toʻrtta kartinani olib chiqib ketdi.

