“Fojiani unutish uchun qoʻlimdan kelganini qildim” – qalampirchi xola hikoyasi
Hikmat aya Roʻzimatova 3 farzandning onasi edi. Toʻngʻich qizi yoshligida vafot etdi, undan keyin esa 11 yoshli oʻgʻli tok urishi oqibatida halok boʻldi. Hayhotdek hovlida chol-kampir qolgan. Ota-onasining issiq-sovugʻidan yolgʻiz qizi xabar olib turadi. Taqdir sinovlariga dosh bergan ona boshiga tushgan musibatlardan chalgʻish uchun noyob qalampir koʻchatlari ekishga kirishadi va tez orada uni butun qishloq “qalampirchi xola” deya nomlay boshlaydi.

“Fojiani unutish uchun qoʻlimdan kelganini qildim” – qalampirchi xola hikoyasi
“Toʻngʻich qizim yoshligida kasal boʻlib oʻtib ketgan, oʻgʻlim 2003-yilda elektriklarning aybi bilan tok urishidan halok boʻldi. Baxtsiz hodisa yuz berganida u 11 yoshda edi. Turmush oʻrtogʻimdan tashqari hayotda birgina qizim qolgan. U tez-tez kelib holimizdan xabar olib turadi.
Oʻgʻlimni yoʻqotganimdan keyin tushkunlikka tushib qoldim. U hayolimdan ketmay ancha yillar azobda yurdim. Tashvishga tushgan turmush oʻrtogʻim Toshkentda yashaydigan opasining yoniga borib zora dehqonchilik bilan shugʻullanib ovunsa deya qalampirning bir nechta navlaridan olib kelib berdi. Uch-toʻrt yil urugʻlik qilib koʻchatlarni koʻpaytirdim. Qalampir ekarkanman oʻzimda ham qandaydir boshqacha hislar oʻtdi. Oz boʻlsa-da boshimdagi musibatlar arigandek boʻldi.
Hozirda 8 xil navdagi qalimpirlar hovlimni bezab turadi, gul oʻrnida gul. Qalampirlarni terib bozorga olib borsam “syomka” qilsak maylimi, ruxsat berasizmi deyishadi. Qirgʻiziston, Qozogʻiston va boshqa joylardan kelgan mehmonlar rasmga olishadi, ularning chiroyini koʻrib hayron boʻlishadi. Xola, bu qalampirlarni qayerdan olgansiz, deb qiziqib soʻrashadi.
Yozda ekilgan qalampirlar qishgacha meva tugaveradi, gullaydi, hatto tuvaklarga olib qoʻysam ham gullab meva solaveradi.
Yil 12 oy qalampir sotaman. Yoz faslidan pishib koʻpayib ketsa yelim idishlarga solib tuzlab qoʻyib, qishda sotaman.
Qalampir haqida har kim har xil fikrlaydi. Ovqatingizga qoʻshib ichsangiz maza beradi, ham ishtahangiz ochadi, ham qoningiz suyuladi.
Yagona orzum bor: u ham boʻlsa qalampir navlarini yanayam koʻpaytirib, daromadni oshirib turmush oʻrtogʻimni Hajga joʻnatish.”

