Kichik hikoyalar: Ko‘cha, yomg‘irda qolgan kelin-kuyov
To‘y kuyovning hovlisida, ochiq osmon ostida bo‘ldi. Havo ochiq, ammo yozga xos bo‘lmagan dilgirroq shabada

Kichik hikoyalar: Ko‘cha, yomg‘irda qolgan kelin-kuyov
Ular bir-birlarini juda uzoq kutishdi. Bir-birlarini bilmagan, tanimagan holda baxt onlarining kelishini kutishdi. Har ikki tomonda necha bor to‘yga tayyorgarlik boshlandi, ammo visol oqshomi baribir qo‘lga kirmadi. Umid uchqunlari so‘na boshlagan paytda ikki yosh avtobus bekatida uchrashib qolishdi. Qisqa tanishuv qat’iy ahdga aylandi.
To‘y kuyovning hovlisida, ochiq osmon ostida o‘tdi. Havo ochiq edi, ammo yozga xos bo‘lmagan salqinroq shabada esib turar, kelinning ko‘ylagiga tegajog‘lik qilayotganday edi.
Birdan ko‘k gumburladi, chaqmoq to‘yxonani ko‘zni olgudek yoritdi. Yomg‘ir sharros quyib yubordi. Hamma o‘zini ayvonga urdi.
Kelin-kuyov joylarida qolishdi, o‘rinlaridan turishsa, ayvonga qochishsa, baxt qushlari uchib ketadiganday, visol taxtini kimdir egallab oladiganday jim o‘tirishdi. Kiyim-boshlari shalabbo bo‘ldi, yomg‘ir ich-ichlariga o‘tdi. Buni hatto sezishmadi ham. Uzoq davom etgan kutish zahmatlari yuvildi. Bekatda tug‘ilgan ahdlari shu kuniyoq sinovdan o‘tdi. Yomg‘ir chekinishga majbur bo‘ldi. Ko‘kda yana quyosh charaqladi.
Keksayish bolalik xotiralarini eslashdan boshlanadi shekilli...
Ming yillik tarixga ega qishlog‘imizda sunnat to‘ylari qish-qirovli kunlari o‘tar, so‘qim so‘yilib, dosh qozonlarda osh damlanar, yurt oldiga dasturxon yozilardi. Yozda esa hashar avjiga chiqar, kattalarga qo‘shilib, biz bolalar ham bu marosimda qatnashardik.
Ota-ona uylangan o‘g‘liga uy qurmoqchi bo‘lsa, qarindosh-urug‘, do‘st-qadrdonlarini hasharga chorlar, ular ustalarga qo‘shilib, bir-ikki kun ichida ikki-uch xonali uyning devorini ko‘tarib, ustini yopib qo‘yishardi. Ayollarning hashari — ustalarga yo‘qlov oshi jo‘natishdan iborat edi, tanish-bilishi, qarindoshlari ko‘plarnikidagi hashar quyuq ziyofatga aylanib ketar, hasharchilar bir-birlariga ma’noli qarab, «Oh-oh, hashar emas, oshar bo‘ldi-ku», deyishardi.
Bir gal dadam bilan qo‘shni qishloqdagi qarindoshimiznikiga hasharga bordik. Ustalar quriladigan uyning to‘rt burchagiga qoziq qoqib, ish boshlashayotgan ekan. Dadam o‘zlaricha bir nimalarni chamalab ko‘rdilar-da, quyuq qoshlari bir oz chimirilib, qarindoshimizni oldilariga chaqirdilar, «Jiyanim, uyning tashqi devori ko‘chaga chiqib ketibdi, yarim quloch ichkariga olish kerak», dedilar. Bu gap jiyanlariga ham, ustalarga ham yoqmadi. Devorning tagiga tosh terish boshlanib ketdi.
Biz tushlikni kutmay, uyga qaytdik. Xafa bo‘lganlarini sezib turibman, ammo sababini bilmayman. Dadam bo‘lsa o‘zlariga o‘zlari: «Eh, jiyan, jiyan, qabristonning yerini qo‘shib ol – mayli, masjidning yerini qo‘shib ol – mayli, ammo ko‘chaning haqiga tegma», degan gapni eshitmagan ekansan-da, Parvardigor, o‘zing kechir», derdilar, xolos.
Uy kuzga qolmay bitdi. Ammo... bahorda kuchli sel kelib, tashqi devorini yuvib ketdi.
Avtobus o‘ydim-chuqur yo‘lda borayotib bir silkingan edi, tik turgan ikki kishi bir-biriga durustgina turtilib ketdi. Birining qo‘lidagi tugun yerga sochildi, ikkinchisining ko‘zoynagi uchib ketdi. Ikkovi ham nordon, kesatiq gaplarga usta ekan, bir-birlarini rosa «siylashdi», keyin dag‘allik qilishga o‘tishdi. Yoshrog‘i po‘pisani qoyillatdi. Kattarog‘i: «Zo‘r bo‘lsang, qani tush, avtobusdan, kuchingni ko‘rsat», dedi.
Manzilga yetguncha avtobus yana bir-ikki silkindi. Odam siyraklashdi. Oxiri ma’lum bo‘ldiki, har ikkala urishqoq olis safardan omon-eson qaytib kelgan do‘stlarini ko‘rgani bitta xonadonga kelishayotgan ekan...

