Layfstayl

«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)

Nozik qomati egilib–egilib, qalin sunbul sochlari ro‘mol ostida sho‘ralab-sho‘ralab go‘zal yoshlik damlarini paxta dalalarida javlon

**"Onamdan qolgan dalalar" (Esse)**

Yana do‘mbiramni qo‘limga oldim!

Kitob emas, bir laqqa cho‘g‘ni qo‘limga oldim.

Yuz yil avval tushunib-tushunmay, "Bu qanday kitob ekan-a, buni shoir yozdimikin, yozg‘uvchi yozdimikin: bir qarasang hikoya, yana qarasang achchiq ichakdek chuvalashib yotgan she’r, boshqa yoqdan qarasang nafas olmay xirgoyi qilinadigan qo‘shiqqa o‘xshab ketadi ekanmi?" – deb o‘ylab qolgan o‘sha eski kitobni qo‘limga oldim.

Menda do‘mbira bormidi deysizmi, qayda deysiz?!

Burungi zamonlarda "Alpomish"ni, "Kuntug‘mish"ni, "Ravshanxon"ni, "Avazxon"ni va boshqa o‘zbek xalq dostonlarini bo‘zlab-bo‘zlab aytib yurgan, yig‘lab-yig‘lab aytib yurgan momoginamning qadimdan qolgan, yuz asrlardan buyon jimgina devorga ilinib turgan, gung-soqov do‘mbirasini qo‘limga oldim.

Men do‘mbira chertishni bilarmidim, deysiz?

Bir ikkida doston kuylab yurganmidim, deysiz?

Qayda-yo qayda, bir gapini eplab gapira olmagan, katta bo‘lsam qo‘shiq aytgich bo‘laman deb, so‘ngra olomon oldida ovozi chiqmay qaltiragan, qo‘shiq o‘rniga echki ma’raganday tovush chiqargich bo‘lgan bir rasvoi olam doston ayta olarmidi, deysiz?

Deysiz, deysiz, to‘g‘ri deysiz!

Aytavering, ishoning-ishonmang, bu kuylagich kitob meniyam kuylatdi!

Do‘mbira chertishgayam o‘rgatdi!

Yig‘lashgayam o‘rgatdi...

Yig‘lab-yig‘lab do‘mbira chertdim.

Qizil qirg‘in zamonidagi minglab o‘zbek xotinlari singari yonib-yonib do‘mbira chertdim.

Daraxtlarga surinib-surinib, devorlarga urinib-urinib,

Chirsillab-chirsillab, gurillab-gurillab do‘mbira chertdim.

Paxta dalalarida butifos yutib jon berayotgan bolalardek o‘g‘jib-o‘g‘jib do‘mbira chertdim.

Jigarlarim sitilib-sitilib, zahar zardobim bo‘g‘zimga tiqilib-tiqilib do‘mbira chertdim.

O‘ynab qo‘yay Tog‘ay Murodning xalq dardini xalq tilida so‘ylagan, o‘zida xalq ichiga, dehqonlar orasiga borib, ular bilan yelkama-yelka mehnat-mashaqqat chekib qog‘oz qoralagan "Otamizdan qolgan dalalar"da do‘mbiramni chalib o‘ynab qo‘yay!

Men-da, katta momom bo‘zlab ketgan, onam so‘ylab bergan "Onaginamdan qolgan dalalar" kuyiga o‘ynab qo‘yay!

Chirpirak-chirpirak, sallona-sallona o‘ynab qo‘yay!

O‘ynayman-da, qo‘limga tushgan soqov do‘mbira ham chiday olmay ohu-fig‘on chekib kuylab yuborgach...

Rostini aytadigan bo‘lsam, kitoblarni kamdan-kam holatlarda qayta o‘qiyman. Bir kitobni qayta o‘qidimmi, demak bu asar yuragimdan joy olgan. Inson sifatida dardlarimni bir qalqitib olgan, ijodkor sifatida asarni o‘qib bo‘lgach "Qalaming, ijodingga tasanno!" – deb xitob ettirgan. Sezib turganingizdek, shundayin "Oltin ro‘yxat"imda "Otamdan qolgan dalalar" yastanib yotibdi va oxir-oqibat qo‘limga do‘mbirasini tutqazib qo‘ygan Tog‘ay Murod meni kuylatib-kuylatib, o‘ynatib-o‘ynatib, yig‘latib-yig‘latib so‘ngida yozishga majbur etdi.

Do‘mbiramni onamga tutdim: so‘ylashicha, katta momom (onamning onalari) ayni qizil sho‘ro bosqini va xalqimiz boshiga ne ko‘rguliklarni solgan, umumlashtirish, balki qullashtirish davrida yashab o‘tganlar. Momom qizil bosqin degani bormi, qirg‘in urush orti fronti-yu, odam zotini tutdek to‘kkan ocharchilik yillari bormi, barchasini boshidan o‘tkazgan. Oq yuzli, uzun bo‘yli sarviqomat, bilakdek ikki o‘rim timqora sochlari taqimini o‘pib turadigan momomning ruhiyati va albatta tabiati ham qiyofasi kabi go‘zal bo‘lgan. Nozik qomati egilib-egilib, qalin sunbul sochlari ro‘mol ostida sho‘ralab-sho‘ralab go‘zal yoshlik damlarini paxta dalalarida javlon urib o‘tkazgan. Uyi ham dala, to‘yi ham, yotog‘i, beshigi ham dala bo‘lgan. Selitrali ariqda cho‘milib, butifos nomli atir bilan iforlanib olgan. Chaqaloqlari chumchuq boladek tut shoxida ulg‘ayib, oyoqlagach tut tanasiga zanjirlanib (oyog‘i yoki belidan arqonlab qo‘yilgan) dala tuprog‘idan taomlanib, es kirgach to‘ppa-to‘g‘ri momomning dalasiga o‘tib ketaverishgan. Ana o‘sha, momom dalalarida bizning Dehqonqul otalarimiz, Dehqonqulova onalarimiz o‘sib-ulg‘aygan. Ularning suyagi tugul, ruhi paxtada qotgan. Paxta deb tili chiqqan, paxta deb tongi otgan, paxta deb kuni botgan...

Momoginam, 40 yoshiga borib-bormay qarib qolgan momom, kasalliklar oqibatida dalasiga chiqa olmay qolgan. Ana undan keyin uyidan bolalar bog‘chasi ochib berishib, Dehqonqulovalarning uch yoshgacha bo‘lgan churvaqalariga, ya’ni bo‘lajak dehqonqulvachchalarga enagalik qila boshlagan. Yashash joylari "Karl Marks", "Chkalov", "Kuybishev", "Lenin", "Kalinin" va hokazo, xullasi kalom kazo-kazo makonlar, chor atrofi dala, chor atrofi paxta, chor atrofi zahar (allambalo zahar dorilar), chor atrofi... Mana shundayin, dalasida ko‘z ochib, dalasida qon tuflab-tuflab jon bergan momoginam! O‘rniga o‘rin onaginam qolgan va albatta an’anani davom ettirgan. "Ko‘zimni ochib ko‘rganim paxta, terganim paxta bo‘lgan" – deydi onam. "Kunlik 250 kilogrammgacha paxta terganman" – deydi onajonim! Boshqa hech gap aytmaydi. Tez-tez yotib qoladi; voh jonim-a demaydi, voh jigarim-a demaydi. Jim bo‘ladi...

Shu joyiga kelganimda talabalik davrimda kech kuzda suv quyib yuborilgan paxta dalasi, chekimga tushgan loy egat boshida turgandek hayron to‘xtab qoldim. Xo‘sh, tuzuk-quruq yozib-yozmay ne uchun yana bor to‘xtab qolding deng?! Axir, o‘sha tushlarda ko‘riladigan, dilda-yu tilda ochiladigan lo‘ppi-lo‘ppi paxtaoy haqidagi o‘zbek xalqi mehnat-mashaqqat, yo‘g‘-ey, baxt-saodatga yetaklovchi qo‘shiqlarini kuylagan odamlarni o‘zidan eshitmasam, yana qaydan topaman!? Aniq eslayman, tong bo‘zarmasidan paxta dalasiga keta turib kuylashgani va hattoki o‘sha qo‘shiqni ham aytib bergan edi. Menda onamnikidek havas qilarli xotira qayda deysiz, momoginalarim dalalaridek changi chiqib yotibdi bu es degan jonivorniyam. Xullasi kalom, ufqqa tutashib ketgan kungaboqar dalalariga tikilganimcha, do‘mbiramni yana onaginamga yo‘llayman. Endi onam boshidan kechirganlarini xuddi doston aytgandek aytib beraveradi. Ayniqsa, menga eng keraklisi, traktor pritsepiga (tirkama) zichlashib olishib, qaydasan navbatdagi paxta dalasi deya kuylab ketadigan ashulasini xuddi baxshilardek ritm bilan xirgoyi qila boshlaydi:

Yordamchi qizman keldim terimga.

Plan to‘lmasdan o‘rgilay, qaytmayman uyga.

To‘lsin planim, O‘zbekistonim!

Plandan oshsin O‘zbekistonim!

O, yordamchi qizlar esini tanib-tanimay, avvaliga paxta terishni ham, etak ko‘tarishni ham epini qila olmay (bola bo‘lishgan axir) yig‘lab-yig‘lab, bora-bora kuylab-kuylab, changi chiqqan, zaharli dorilardan bo‘kkan dalalarda zahar-zaqqum yutib-yutib, o‘g‘jib-o‘g‘jib paxta deganini paxtasini chiqarib terib tashlashgan. Dehqonqullar hamda Dehqonqulovalar to‘dasi qachon uyiga qaytib maktabiga borishgan deysiz? Albatta, o‘zlari o‘ylab topishgan ashulasida aytishganidek, plan to‘lmasidan turib, toki g‘o‘zalar qor bilan qoplanib terimni iloji qolmagunicha o‘lishga ham ruxsat berilmagan. Qo‘llariga tayoq olishib qorlarni qoqib-qoqib, qo‘l-oyoqlari tarashadek qotib muzlagan chanoqlarni terishgan. Mana endi jim turolmaydi, do‘mbira so‘ylatadi onaginamni: "Sho‘rosi o‘lsin-a, paxtaginasi qurisin-a! Mana qara oyoq-qo‘llarim shishib ustixonlarim mayshayib ketdi, ichginamni to‘kdi bu paxta!" – deydi. "Meni xudo asragan bolam, ne-ne erkak-ayollar, bolaginlar jimgina qirilib ketdi. Onaginam, opa-ukalarimni bevaqt olib ketdi!" –deydi ko‘zlarida yosh g‘iltillab.

– Omon-omon zamonlarda yashayapsizlar, noshukr bo‘lmanglar! – deydi,

– O‘zingga shukr! – deydi onaginam. Bir chuqur uh tortadi-da, omonat do‘mbiram, onaginasining do‘mbirasini menga tutqazib, yana jim qoladi. Do‘mbirasi qurmag‘ur ham dardlarini aytmasa yorilib ketadigandek, og‘iz juftlab menga mo‘ltiraydi...

Tog‘ sayriga keta turib sho‘x qo‘shiqqa jo‘r bo‘layotgan farzandlarimga, keyin mashina oynasidan lip-lip o‘tayotgan onamdan qolgan dalalarga tikilaman. Onda-sonda ko‘rinish berib qolmasa, paxta dalalari deyarli uchramaydi. Ona vatanini qo‘riqlayotgan askarlardek tik, qator turishib lippillayotgan mevali daraxtlar, uzumbog‘lar, poliz dalalari ko‘zga tashlanadi. O‘zlari bilganicha gurkirab yotishgandek, odam zoti ko‘rinmaydi. Eheheye, "Onamdan qolgan dalalar! Momoginalarimdan qolgan dalalar nega jimsiz, nega kuylamayapsiz!?" – deb hayqirgim keladi. Dalalar miq etishmaydi.

Dalalar jim qolishadi. Men-da jim qolaman. Ammo, bu jimlik endi og‘riqqa emas, taskinga aylanadi. Ko‘zlagan so‘lim go‘shamizga yetib borgunimizcha jim ketsamda yayrab boraman, balki qarama-qarshi hislarim o‘rtasida sarson boraman. Sezib turaman, baribir yuragimning bir chetida momoginam ko‘zlaridan yosh oqizib-oqizib o‘tiraveradi. Har ziyoratiga borganimda onaginam jimgina jilmayib turaveradi.

– Onamdan qolgan dalalar do‘mbiramizni berchi! – deyman.

– Qani, jim turmasdan bir kuylaylikchi! – deyman. Onamning dalalari-da o‘ziga tortgan – jim qoladi.

Ammo, do‘mbira degich sayroqi jim tura olmaydi. "Vooh! – deydi do‘mbiram, "Dardingni olay!" – deydi do‘mbiram.

Do‘mbiramni yana qo‘limga olaman...

Mastura Aburahim qizi

R/S: Terim qo‘shig‘i 1960-1970-yillarda paxta terimida qatnashgan terimchi bilan og‘zaki suhbatdan yozib olindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.