FlyArystan haftasiga ikki marta Olmaota — Urganch yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni yoʻlga qoʻydi
Qozogʻistonning FlyArystan aviakompaniyasi Olmaota va Urganch oʻrtasida muntazam reyslarni yoʻlga qoʻydi, ular haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

FlyArystan Olmaota — Urganch yoʻnalishi boʻyicha haftasiga ikki marta parvozlarni amalga oshirishni boshladi
Qozogʻistonning FlyArystan aviakompaniyasi Olmaota va Urganch oʻrtasida muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻydi. Yangi yoʻnalish boʻyicha ilk parvoz amalga oshirildi va bu Qozogʻiston hamda Xorazm viloyati oʻrtasidagi turistik aloqalarni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi xabar bermoqda.
Parvozlar haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Parvoz vaqti 2 soat-u 35 daqiqani tashkil etadi.
Ilk reys bilan Xorazmga Qozogʻistonning 10 ta turistik kompaniyasi vakillari uchib keldi. Ular uchun uch kunlik axborot turi tashkil etildi, uning doirasida mahalliy turoperatorlar ishtirokida B2B uchrashuvlar va vorkshoplar rejalashtirilgan.
Safar davomida Qozogʻiston turizm biznesi vakillari Xorazmning tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylari, shuningdek, viloyatning turistik salohiyati bilan tanishadilar.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, bunday axborot turlarining oʻtkazilishi Xorazm viloyatini Qozogʻiston turizm bozorida targʻib qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, ular ikki mamlakat turistik kompaniyalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va oʻzaro sayyohlar oqimini oshirishni maqsad qilgan.
Yangi aviayoʻnalish, shuningdek, qozogʻistonlik sayyohlar uchun Xorazmning transport qulayligini oshiradi va mintaqaga xalqaro sayyohlar oqimini rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

