Floridadagi aviahalokat qurbonlari milliarder va oila aʼzolari bölgan
Ikkinçi uçuvçi 20 yoşda edi.

Floridadagi aviahalokatda halok bo‘lganlar milliarder va uning oila a’zolari bo‘lgan
1-noyabr kuni Florida shtatining Palm-Bich okrugida Learjet 60 rusumli xususiy samolyot halokatga uchradi. Biznes-jet AQSh prezidenti Donald Trampning Mar-a-Lagodagi qarorgohidan taxminan 10 kilometr uzoqlikda, avtotrassa bo‘yiga qulagan. Samolyotda to‘qqiz kishi, jumladan, ikki bola bo‘lgan va ularning barchasi halok bo‘lgan.
Shuningdek, samolyot qulagan joy yaqinida bo‘lgan avtomobil haydovchisi jarohat olgan.
Halokat yuz bergan hududdagi Green Acres treyler parkidan bir necha yuz kishi evakuatsiya qilingan.
Samolyot Texas shtatining Ostin shahridan uchib chiqqan va Bahama orollariga yo‘l olgan edi. Bortda IT-tadbirkor, milliarder Adam Robinson, uning rafiqasi Helen Sharp va ularning ikki farzandi — to‘rt yoshli Emma hamda ikki yoshli Charli bo‘lgan. Ular bilan birga enaga Anita Mariya Setina hamda oila do‘stlari hisoblangan Reychel Rid va Charmi Fer ham uchayotgan edi.
Robinson 44 yoshda edi. U Retention.com va RB2B dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga asos solgan, bu kompaniyalarning bosh direktori lavozimida edi.
Samolyot ekipaji ikki uchuvchidan iborat bo‘lgan — Pensilvaniya shtatidan bo‘lgan tajribali uchuvchi, 55 yoshli kapitan Jeff Gregori hamda ikkinchi pilot, 20 yoshli (ayrim manbalarga ko‘ra, uning yoshi 21 da edi) Nataliya Figeyras. Halokatdan oldin aynan Figeyras dispetcherlik xizmati bilan muloqot olib borgan.
Figeyras samolyot boshqarish litsenziyasini 17 yoshida olgan. Floridada yashagan ushbu qiz mahalliy telekanallarga bergan intervyusida sinfdoshlari avtomobil haydashga havas qilib yurganida, samolyot boshqarishni «zo‘rroq» deb hisoblaganini aytib bergan edi. 2026-yil 1-noyabriga qadar Figeyrasning 1300 soatlik parvoz tajribasi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, parvoz murakkab ob-havo sharoitida amalga oshirilgan. Parvoz davomida ekipaj dispetcherlarga bort tashqarisidagi harorat Selsiy bo‘yicha minus 47 darajani tashkil etayotgani va fyuzelyaj muzlagani, shuningdek, turbulentlik kuzatilayotganini ma’lum qilib, balandlikni oshirishga ruxsat so‘ragan.
Dispetcher yuqoriga ko‘tarilishga ruxsat bergan, ammo ekipaj bu xabardan taxminan yarim daqiqa o‘tib favqulodda holat to‘g‘risida xabar yuborgan — samolyot keskin va nazoratsiz tarzda sho‘ng‘igan (daqiqasiga 10 ming fut — 3 ming metr). Jet uchuvchisining so‘nggi gaplaridan biri shunday bo‘lgan: «Biz hozir yerga urilamiz». Figeyras yana shunday qichqiradi: «Tashqariga qara».

