Fermerlar kengashi Piskent hokimining harakati yuzasidan prokuraturaga murojaat qildi
Fermerlar kengashi fermerlarga “jonini sugʻurib olishi”ni aytgan Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning harakatiga huquqiy baho berishni soʻrab prokuraturaga murojaat kiritdi. Biznes-ombudsman ham holat nazoratga olinganini, huquqiy baho berilishini bildirdi.

Fermerlar kengashi Piskent hokimining harakati bo‘yicha prokuraturaga murojaat qildi
Toshkent viloyati Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning fermerlarga nisbatan qilgan harakati yuzasidan Fermerlar kengashi, Biznes-ombudsman hamda hokimlikning o‘zi munosabat bildirdi. Fermerlar kengashi va Biznes-ombudsman fermerlarni qo‘llab-quvvatlasa, hokimlik hokimni himoya qilmoqda.
Fermerlar kengashi Muzaffar Aripovning xatti-harakatiga huquqiy baho berishni so‘rab prokuraturaga murojaat qildi.
Kengash hech narsa insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish uchun asos bo‘la olmasligini ma’lum qilgan.
“Bu kabi holatlar tadbirkorlik subyekti faoliyatiga noqonuniy aralashuv sifatida ko‘rilib, mamlakatning xalqaro imijiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, O‘zbekiston fermerlari kengashi 2026-yil 9-oktabr kuni prokuratura organiga Piskent tuman hokimining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi”, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Biznes-ombudsman ham munosabat bildirib, tadbirkorning sha’ni va qadr-qimmati qonun himoyasida ekanini eslatdi.
“Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish, ya’ni haqorat qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Holat Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olindi. Bu bo‘yicha huquqiy baho beriladi”, deya ta’kidlangan munosabatda.
Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar va fermerlar o‘z sha’ni va qadr-qimmati kamsitilgan, haqorat qilingan yoki huquqlari buzilgan deb hisoblashsa, 1100 qisqa raqami yoki +998712020898 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Piskent tumani hokimligi o‘z rasmiy munosabatida fermerlarning o‘zini aybdor qilgan.
Hokimlik “yer fermerning xususiy mulki emas”ligiga e’tibor qaratib, “kartoshka ekilmasa, bozorda narx qimmatlashsa, jabrini chekuvchi yana o‘zlari” bo‘lishini ta’kidlagan.

