Siyosat

Oʻzbekiston Senati odam savdosiga qarshi kurash masalasini muhokama qildi

Joriy yilning 13-avgust kuni Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Senati odam savdosiga qarshi kurashish masalasini muhokama qildi

Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) – Oliy Majlis Senatida 13-avgust kuni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva raislik qildi.

Unda Milliy komissiya, uning kichik komissiyalari va hududiy komissiyalarning joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalar hamda mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi.

Hisobot davrida munosib mehnatni taʼminlash, mehnat huquqlarini himoya qilish, odam savdosining oldini olish va xalqaro mehnat standartlarini milliy amaliyotga joriy etish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.

Xususan, sohaga oid milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish boʻyicha islohotlar davom ettirildi. Xalqaro mehnat tashkilotining 87 va 98-sonli konvensiyalari talablariga muvofiq fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Shuningdek, Mehnat kodeksini takomillashtirish, kamsitish va shahvoniy shilqimlikning oldini olish, norasmiy bandlikni qisqartirish, mehnat muhofazasi hamda dual taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihalari ishlab chiqildi.

Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash, ularga kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va jamiyatga integratsiya qilish tizimini takomillashtirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash, majburiy va bolalar mehnatining oldini olish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, fermerlar huquqlarini himoya qilish hamda qishloq xoʻjaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish boʻyicha tizimli choralar koʻrildi.

Qishloq xoʻjaligida fermerlar huquqlarini himoya qilish, yer munosabatlarini takomillashtirish va paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda fermerlar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni tartibga solish boʻyicha tizimli choralar koʻrildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida fermer xoʻjaliklari foydasiga qarzdorliklar undirib berilishi taʼminlandi.

Ishlab chiqarish tarmoqlarida xalqaro mehnat va texnik standartlarni joriy etish ishlari ham faollashtirildi. Bugungi kunda 286 ta korxonada ISO, Oeko-Tex, Sedex, Better Work, BSCI, GOTS, BCI kabi xalqaro standartlar joriy etilgan.

Xalqaro hamkorlik doirasida joriy yilning 8-11-iyun kunlari Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro mehnat tashkilotining 114-sessiyasida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarini taʼminlash, majburiy mehnatni bartaraf etish va mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasidagi islohotlar taqdim etildi.

Shuningdek, sohadagi ayrim kamchiliklar ham tanqidiy muhokama qilinib, masʼul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahri, Fargʻona va Samarqand viloyati hududiy komissiyalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Yigʻilish yakunida mehnat sohasida xalqaro standartlarni keng joriy etish, munosib mehnat tamoyillarini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi hamda Xalqaro mehnat tashkilotining “Alliance 8.7” tashabbusi doirasida Oʻzbekistonning 2026–2029-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” loyihalari koʻrib chiqilib, ijroga qaratildi.

Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, sohadagi ishlarni yanada tizimli tashkil etish va mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.