“Yeringiz tugul, joningizni sugʻurib olaman” – Piskent hokimi fermerlarga bosim oʻtkazdi
Tuman hokimi Muzaffar Aripov fermerlarga yerini tortib olishini aytib, bosim qilgan. Zalda tuman prokurori va IIB boshligʻi ham boʻlgan. Fermerlar yigʻilishga telefonlari olib qoʻyilgan holda kiritilgan.

“Yeringiz tugul, joningizni sugʻurib olaman” – Piskent hokimi fermerlarga bosim oʻtkazdi
Kun.uz’ga Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripov oʻtkazgan yigʻilishdan yozib olingan audio kelib tushdi. Ayollar ham qatnashgan yigʻilishda hokim ayrim fermerlarni haqorat qilgani aytilmoqda.
Yigʻilish tumanda kartoshka ekish masalasiga bagʻishlangan edi. Muzaffar Aripov fermerlarni roʻyxat bo‘yicha turgʻizib, ularga bosim oʻtkazgan.
“Ertaga yeringizni olib qoʻysam, keyin koʻraman. Men fermerlarga tushunmayman-da, bitta aytgan topshiriqni qilib qoʻying. Oxiri majbur qiladi meni yerini olishimga. Keyin eshigimning tagida yotadi itga oʻxshab. Yalinadi”, degan hokim.
Shuningdek, u fermerlarga “hazillashmaslikni, oʻynashmaslikni, yeri narida tursin, jonini sugʻurib olishini” aytgan.
“Bir nechta ayollar ham bor edi. Hokim juda haddidan oshdi, chidab boʻlmas darajada haqoratladi. Endi shu firmadan kartoshka olmaganlarni prokuror bilan qoʻrqitib, yerini olib qoʻyishga harakat qilyapti. Umuman ishlab boʻlmay qoldi. Hozir bugʻdoy ekish kerak, shungayam toʻsqinlik qilyapti”, dedi yigʻilishda boʻlgan fermerlardan biri Kun.uz’ga.
Muzaffar Aripov yigʻilish davomida bir necha bor haqoratli soʻzlarni ishlatgan. Fermerlar zalga telefonlari olib qoʻyilgan holda kiritilgani aytilmoqda.
Kun.uz manbasining aytishicha, ushbu yigʻilish shu yil 18-iyul kuni bugʻdoydan boʻshagan yerlarga ikkinchi ekin ekish tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan.
41 yoshli Muzaffar Aripov 2024-yil aprelidan buyon Piskent tumaniga rahbarlik qilib kelmoqda. Bungacha u Toshkent viloyati hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari lavozimida faoliyat olib borgan.

